O‘zbekiston – O‘mon ilmiy muloqotlari OAV nigohida
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rahbariyati vakillaridan iborat delegatsiya yaqinda O‘mon Sultonligida xizmat safarida bo‘lib qaytdi.
Ikki mamlakat o‘rtasida 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar rejasi doirasida tashkil etilgan safar yozma yodgorliklarni saqlash, kataloglashtirish, restavratsiya va nashr etish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish va aloqalarni mustahkamlashga qaratildi.
Safar davomida yurtimiz vakillari O‘mon Sultonligining milliy arxiv va hujjatlarni saqlash boshqarmasi, O‘mon Milliy muzeyi, Sulton Qobus nomidagi Madaniyat va fan bo‘yicha oliy markazda bo‘ldi. O‘zbekistonning O‘mondagi elchixonasida delegatsiya a’zolarining Sultonlik ommaviy axborot vositalari vakillari va tadbirkorlar bilan uchrashuvi ham tashkil etildi. Unda ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni yanada faollashtirish, O‘mon ommaviy axborot vositalarida O‘zbekistonning madaniy-ma’rifiy hayotidagi yangiliklarni yoritishga oid kelishuvlarga erishildi. Muloqotlar samarasi o‘laroq, safar tafsilotlari poytaxt Maskat shahrida 2009 yildan buyon nashr etiladigan, O‘monning siyosiy, iqtisodiy, madaniy va ma’rifiy nashri “الرُّؤْيَة” (“Nuqtai nazar”) gazetasida e’lon qilingan ikkita maqolada o‘rin oldi.
“O‘zbekiston delegatsiyasi hujjatlarni boshqarish va saqlash bo‘yicha O‘mon tajribasi bilan tanishdi” nomli maqolada o‘zbekistonlik olimlarni milliy arxiv va hujjatlarni saqlash boshqarmasi boshlig‘i doktor Hamad ibn Muhammad Daviya qarshi olib, Boshqarma faoliyati haqida ma’lumot bergani, hujjatlarni elektron tartiblash borasidagi tajriba bilan o‘rtoqlashgani, shuningdek, mehmonlar turli ixtisoslashtirilgan texnik bo‘limlar va laboratoriya ishi bilan tanishgani haqida so‘z yuritilgan.
“O‘mon va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy hamkorlik” sarlavhasi ostida chop etilgan ikkinchi maqolada o‘zbekistonlik olimlarning Sulton Qobus nomidagi Madaniyat va fan bo‘yicha oliy markazga qilgan tashrifi tafsilotlari yoritilgan. Markaz rahbari Habib bin Muhammad Riyomiy bilan bo‘lgan muloqotda bildirilgan iliq fikr-mulohazalar, muhokama qilingan dolzarb mavzular va hamkorlikka oid erishilgan muhim kelishuvlar bayoni maqolaning asosiy mazmunini tashkil etadi.
Maqolalarda tashrifning ikki davlat o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy sohadagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, turdosh markazlarning o‘zaro ilmiy innovatsiyalar almashinuvini ta’minlashdagi yuksak ahamiyati e’tirof etilgan. Kelgusida mazkur gazeta tahririyati xodimlarining yurtimizga ijodiy safari rejalashtirilgan.
G‘.HASANOV, O‘zA