O‘zbekiston Ombudsmani Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar Global alyansi yig‘ilishida ishtirok etmoqda
Shveysariyaning Jeneva shahrida Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar Global alyansining navbatdagi umumiy yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi hamkorligida BMTning Jenevadagi qarorgohida o‘tayotgan nufuzli tadbirda O‘zbekiston parlamenti Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova ham ishtirok etmoqda.

Global alyans Byurosi majlisi, Bosh assambleya, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning to‘rt mintaqaviy tarmog‘i uchrashuvlari hamda raqamli makonda inson huquqlarini ilgari surish va himoya qilishga bag‘ishlangan yillik konferensiya tashkil etildi.
F.Eshmatova tadbir doirasida qator xalqaro tashkilotlar vakillari hamda xorijiy davlatlar Ombudsmanlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazdi. Jumladan, Osiyo-Tinch okeani forumi, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi, Global alyans kotibiyati hamda BMT Taraqqiyot dasturining Jenevadagi vakolatxonasi vakillari bilan muloqotlar o‘tkazildi.
O‘zbekiston tashabbusi bilan “Raqamli makonda inson huquqlarini himoya qilish: Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning tajribasi va eng ilg‘or amaliyot” mavzusida sayd-ivent tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Qayd etish lozimki, 2020-yilda Global alyans tomonidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) faoliyati Parij prinsiplariga muvofiqligi bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tkazildi va unga “V” maqomi berildi. Hozirda “A” maqomni olish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan.
***
Tadbir doirasida inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha ilg‘or tajribalar muhokama qilindi.

Ayniqsa, turli mintaqalarda faoliyat yuritayotgan milliy inson huquqlari institutlari hisobotlarining tinglanishi inson huquqlarini ta’minlash borasidagi yondashuvlar, amaliy mexanizmlar va samarali tajribalar bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.
Bu esa, milliy institutlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, dolzarb muammolarga nisbatan zamonaviy yechimlarni muhokama qilish va ilg‘or amaliyotlarni o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumot uchun, Global alyans 1993-yilda tashkil etilgan bo‘lib, u bugungi kunda dunyodagi eng yirik milliy inson huquqlari institutlari tarmoqlaridan biri hisoblanadi.
Global alyansning rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil dekabr holatiga 119 a’zo milliy inson huquqlari instituti mavjud. Ulardan 91 tasi “A” maqomga, 28 tasi “V” maqomga ega institutlardir.
O‘zbekiston Ombudsmanining mazkur tadbirlardagi ishtiroki mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni xalqaro maydonda namoyish etish, shuningdek bu yo‘nalishdagi ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish va amaliyotga tatbiq etishda muhim ahamiyatga ega.
N.Abduraimova,
O‘zA