O‘zbekiston Milliy gerbariysiga press-tur tashkil etildi
Ona yerimizda rang-barang nabotot va hayvonot olami mavjud. Lekin global ekologik muammolar sababli ular soni yil sayin kamayib bormoqda.
Shu bois nufuzli xalqaro tashkilotlar ularni asrash, ko‘paytirish va o‘rganishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar olib boryapti.
O‘zbekiston hududi xilma -xil o‘simliklarga boy. Ularni asrash, ko‘paytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi 22 may – Xalqaro biologik xilma-xillik kuni munosabati bilan Botanika instituti O‘zbekiston Milliy gerbariysiga press-tur tashkil etdi.
– Shuni faxr bilan aytish joizki, O‘zbekiston Milliy gerbariysi Markaziy Osiyoda yagona, Osiyo mintaqasida to‘rtinchi, dunyo miqyosida esa birinchi o‘ttiztalik tarkibiga kiradi, – dedi O‘zFA Botanika instituti O‘zbekiston florasi laboratoriyasi mudiri, akademik Komil Tojiboyev. –Unda 1830-1835 yildan boshlab to‘plangan bir yarim milliondan ortiq gerbariy namunasi saqlanadi. Unda o‘n mingga yaqin o‘simlik turi saqlanadi. Shuning 4 yarim mingdan ziyodi o‘zimizda o‘sadi. Hududimizdan terilgan dastlabki namunalar 1900-1905 yillarga to‘g‘ri keladi. Uning yana bir noyob jihati shundan iboratki, fan uchun yangi, deb topilgan uch mingdan ortiq o‘simlik turining ilk namunalari ham shu yerdan o‘rin olgan. Va ular bugungi kunda to‘liq raqamlashtirildi.
Press-turda berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda O‘zbekiston Milliy gerbariy namunalarini raqamli formatga o‘tkazish ishlari jadal olib borilyapti. Shu paytgacha ichki imkoniyatlar hisobidan gerbariy namunalarining 25 foizi raqamlashtirildi. Gerbariy namunalaridagi yorliqlarni ma’lumotlar bazasiga kiritish ustida ish olib borilmoqda. Namunalar soni har yili 7-8 mingga ko‘payyapti. Xitoy ilmiy tadqiqot instituti bilan hamkorlikda Markaziy Osiyo va Xitoy gerbariylarining yagona elektron tarmog‘ini tashkil etishga qaratilgan yangi loyiha ustida ish olib borilmoqda.
O‘zbekiston milliy florasining dastlabki nashri 1941-1963 yillarda chop etilgan. U o‘z ichiga fan uchun ma’lum bo‘lgan 3 ming 663 turni qamrab olgan. Ayni kunda floramiz tarkibidagi turlar xilma-xilligi 4 ming 380 dan ziyod. Shu bois 2016-2019 yillar davomida O‘zbekiston florasining uchta jildi chop etildi, 4- va 5-jildi nashrga tayyorlandi. Uni tayyorlashda Finlyandiya, Rossiya, Qirg‘iziston, Janubiy Koreya, Germaniya mamlakatlari olimlari jalb etildi. Bu loyiha ko‘lami jihatdan MDHda yagona hisoblanadi.
O‘zbekiston Milliy gerbariysi bugungi kunda Rossiya Fanlar akademiyasi Botanika instituti, Moskva davlat universiteti gerbariysi, Tomsk davlat universiteti, Janubiy Sibir Botanika bog‘i, Xitoy Fanlar akademiyasi institutlari, Urumchi va Kunmin shaharlaridagi Botanika institutlari, Koreya Milliy Arboretumi hamda Koreyadagi boshqa bir qator milliy universitetlar bilan hamkorlik o‘rnatgan. Graysfald universiteti (Germaniya) bilan hamkorlikda qo‘shma loyiha amalga oshirilyapti.
Press-tur ishtirokchilari Botanika bog‘ida “Global Allium Garden” xalqaro dasturi doirasida tashkil etilgan O‘zbekiston-Xitoy piyozlar bog‘ini sayohat qildi. Bog‘da nafaqat piyozlar turkumiga mansub o‘simliklar, balki lola, gulsafsar va shirachalar ham o‘rin olgan. U asosan Markaziy Osiyodagi yovvoyi piyozlarni o‘rganish va saqlab qolishga ixtisoslashgan.
O‘zbekiston florasida piyozning 130 dan ortiq turi mavjud. Ular orasida manzarali, dorivor va noyob endem turlari ham bor. Bundan tashqari, bog‘da Markazi Osiyo, Xitoy, Eron, Kavkaz va O‘rta Yer dengizi florasiga mansub yuzdan ortiq turi parvarish qilinmoqda.
Press-tur jarayonida mutaxassis va olimlar ommaviy axborot vositalari vakillari savollariga javob berdi.
[gallery-2501]
I. Nusratov, O‘zA