O‘zbekiston mebel mahsulotlari Dubay ko‘rgazmasida
Birlashgan Arab Amirliklari Xalqaro savdo markazida “Mebel, ishlab chiqarish texnologiyalari, interer va dizayn – «INDEX-2022» ko‘rgazmasi ish boshladi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bergan.
Mebel jihozi, interer uskunasi, zamonaviy texnologiya ishlab chiqaruvchilari o‘zlarining eng sara tajribasini namoyish etayotgan mazkur tadbirda dunyoning 50 ga yaqin mamlakati, jumladan, O‘zbekiston, AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Polsha, Turkiya, Pokiston, Xitoy, Hindiston, Bangladesh, Tunis, BAA, Saudiya Arabistoni, Ispaniya, Italiya, Germaniya, Gretsiya, Misr, Indoneziya, Malayziya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Filippin, Tailand, Meksika kompaniyalari mahsulot va xizmatlarni taklif etmoqda.
Ko‘rgazmada O‘zbekistonning BAAdagi elchixonasi hamda mamlakatimizning Dubaydagi Bosh konsulxonasi ko‘magida respublikamizning “Treet”, “Aiko”, “Ixlos mebel”, “Meyos”, “Mix Info”, “Afat”, “Honor” va “Isom Sayf” interer dizaynerlari tomonidan taqdim etilgan mebel buyumlaridan iborat “Made in Uzbekistan” stendi tashkil etildi.
O‘zbek diplomatlari tomonidan ikki tomonlama manfaatdor hamkorlikni o‘rnatish maqsadida yurtimizdan kelgan tadbirkorlar uchun mebel, ishlab chiqarish texnologiyalari, interer va dizayn sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi yetakchi kompaniyalar rahbarlari, importchi va distribyutorlar bilan uchrashuvlar tashkil etilib, hamkorlarga keng turdagi mamlakatimiz mahsulotlari bilan tanishish, yangi sheriklar topish imkoni taqdim etilmoqda.
O‘zA