O‘zbekiston “Mastercard Tourism Innovation Hub”ga qo‘shildi
Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasi 25-sessiyasi doirasida O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda “Mastercard” global to‘lov tizimi rahbariyati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida tomonlar mamlakatimizda turizmni rivojlantirish bo‘yicha strategik hamkorlikni e’lon qildilar va vazirlikning “Mastercard” turizm innovatsion markazi (Mastercard Tourism Innovation Hub)ga qo‘shilishini nazarda tutuvchi o‘zaro anglashuv memorandumini tasdiqladilar.

Hujjatni vazir A.Abduhakimov va “Mastercard” kompaniyasi strategik rivojlanish bo‘yicha ijrochi vitse-prezidenti Nikola Villa imzoladi.
– “Mastercard” bilan bitim qabul qilinishi muhim voqea, – dedi Aziz Abduhakimov. – Bu kelishuv bizga to‘lov infratuzilmasini yaxshilash barobarida mahalliy va xorijiy mehmonlar uchun qulaylik yaratish bo‘yicha ilg‘or tajribani, xarajat va sayyohlik oqimi bo‘yicha tahliliy ma’lumotlarni o‘rganish imkonini yaratadi. Shuningdek, dunyoning 200 dan ziyod mamlakati, mintaqasida “Mastercard” xizmatidan foydalanayotganlar orasida O‘zbekistonni sayyohlik yo‘nalishi sifatida targ‘ib qilish uchun keng istiqbol ochadi.
Nikolya Vilya O‘zbekiston bilan uzoq muddatli hamkorlik rejasi xususida shunday dedi:
– Turizm sanoatini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli hamkorlik yo‘lga qo‘yilyapti. Nihoyatda boy madaniy merosi, diqqatga sazovor joylari bisyor bu go‘zal mamlakat ulkan salohiyatga ega. Biz mavjud texnologik platforma, ilg‘or to‘lov yechimi, xalqaro tajriba va ma’lumot tahlili bo‘yicha keng vakolat singari turli imkoniyatlarimiz yordamida O‘zbekiston ravnaqiga hissa qo‘shishdan mamnun bo‘lamiz.

Ta’kidlash joiz, “Mastercard” turizm innovatsiyalari markazi O‘zbekistondagi vazirlik, idoralar, tashkilotlar bilan hamkorlikda hukumat, mahalliy va xorijiy sayyohlar, turizm korxonalari uchun qo‘shma raqamli yechimlar ishlab chiqadi. Sayohatchilar, kichik biznes ob’ektlari uchun xavfsiz, ishonchli va qulay to‘lov infratuzilmasini rivojlantirishga ko‘maklashish, O‘zbekistonni sayyohlik yo‘nalishi sifatida targ‘ib qilish tendensiyasini kuzatish, strategiyalar ishlab chiqish uchun tahliliy ma’lumot taqdim etish, qo‘shma tadqiqot o‘tkazish va ilg‘or jahon tajribasini almashish ham hamkorlik yo‘nalishlariga kiradi.
To‘lov va texnologiya sohasidagi yetakchi global kompaniyalardan biri hisoblangan “Mastercard” hozir 60 dan ortiq mamlakatda to‘lovni raqamlashtirish orqali iqtisodiy o‘sish va rivojlanishni rag‘batlantirishga qaratilgan 1600 dan ko‘p davlat loyihalarini boshqaradi.
O‘.Alimov, O‘zA