O‘zbekiston: Madaniy an’analar ellarni jipslashtiradi
Toshkent shahridagi “Central Park” bog‘ida mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar va xalqaro tashkilotlar ishtirokida “XVIII Madaniy an’analar hamda milliy taomlar xayriya festivali” tashkil qilindi.
An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan mazkur anjuman yurtimiz madaniy hayotini o‘ziga xos yana bir mazmun bilan boyitish barobarida poytaxt aholisi va xorijlik mehmonlarga turli mamlakatlar madaniyatini keng tanishtirish imkonini beradi.
Madaniyat va turizmni rivojlantirishga qaratilgan bu galgi tadbirda o‘ttizga yaqin davlat elchixonalari, shuningdek Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropa Ittifoqi, Jahon banki kabi yirik tuzilmalar vakillari o‘z mahoratini namoyish etdi.
[gallery-8909]
Diyorimizda faoliyat ko‘rsatayotgan diplomatik vakolatxonalar xodimlari bo‘sh vaqtini unumli o‘tkazishlarini ham ko‘zlagan festival ishtirokchilar o‘rtasida norasmiy, do‘stona muloqot uchun qulay sharoit yaratish, qolaversa, turli o‘lkalar madaniy merosi, milliy an’analarini targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Dasturdan yirik milliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari taqdimoti, xalq hunarmandligi ko‘rgazmasi, milliy taomlar va liboslar namoyishi, Toshkent shahridagi mohir oshpazlardan mahorat sabog‘i, fol’klor-etnografik jamoalar chiqishi o‘rin oldi.
<iframe width="1280" height="720" src="https://www.youtube.com/embed/SIK9E-HhAAE" title="O‘zbekiston: Madaniy an’analar ellarni jipslashtiradi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>Milliy taomlar savdosidan tushgan mablag‘ respublikamizdagi mehribonlik uylariga, jumladan, Toshkent va Farg‘ona shaharlaridagi shunday muassasalarga, “Muruvvat” nogiron bolalar maktab-internatlariga tibbiy-ijtimoiy yordam sifatida o‘tkazib beriladi.
Qayd etish joiz, “Madaniy urf-odatlar va milliy taomlar” festivali 2000 yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi diplomatik korpusga xizmat ko‘rsatish byurosi tomonidan keng miqyosda o‘tkazib kelinmoqda.
Yuqori saviyada tashkil etilgan tadbir yakunida qatnashchilar milliy urf-odat, taom sifati, milliy raqs, musiqa va eng yaxshi libos namoyishi bo‘yicha taqdirlandi.
Behruz Xudoyberdiyev,
Nosirjon Haydarov (foto),
Yoqub Meliboyev (video),O‘zA