O‘zbekiston "ko‘rpa"ni faqat o‘ziga tortmaydi
Insoniyat boshiga kelgan sinov – COVID-19 pandemiyasi XX asrning oxiriga kelib, ko‘lami ortgan globallashuv jarayonini sezilarli tezlashtirdi.
Ushbu falokatni yengish hamda uning salbiy oqibatlarini yumshatish va bartaraf qilish alohida mamlakat uchun imkonsiz vazifa ekanini bugungi kundagi umumiy ahvol yaqqol namoyon qilmoqda. Bunda hatto muayyan davlatning iqtisodiy salohiyati o‘ta yuqori bo‘lishi ham kifoya emas. Achinarlisi, ushbu ofat sabab, bugungi kunda sayyora aholisining qariyb 1 mlrd.ga yaqini ocharchilik muammosi bilan to‘qnash keldi. Taqqoslash uchun, pandemiyadan avval bu ko‘rsatkich yarim mlrd. atrofida bo‘lganini eslash kifoya.
www.worldometers.info ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan buyon dunyo bo‘yicha besh yarim mln.dan ortiq 5 yoshgacha bolalar o‘limi, 224 mingga yaqin tug‘ish paytida onalari o‘limi qayd etilgan. Shu raqamlarning o‘ziyoq, insoniyat oldida yetilayotgan ijtimoiy va iqtisodiy muammolar ko‘lamini tasavvur qilishga yetarli. Har qanday muammo esa, birlashganda o‘z yechimini topadi.
IZCHILLIK, XOLISLIK, TENGLIK VA INSONPARVARLIK
Nufuzi, dunyo davlatlari va aholisi uchun ahamiyati, mohiyat-e’tiboriga ko‘ra, Birlashgan millatlar tashkiloti sayyoramizdagi har qanday masalani avvalo e’tirof etish, so‘ngra yechim topish maydonidir. Uning tamoyillariga og‘ishmay amal qilish esa, avvalo xalqaro huquqiy normalarni hurmat qilishga asoslanadi. O‘z navbatida hurmat faqatgina e’tirof yoki tarafdorlikdangina iborat emasligini bugungi kunda istalgan sog‘lom fikrli inson, olimu siyosatchi birdek tan oladi.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining qator sessiyalaridagi ishtiroki va O‘zbekistonning faol tashqi siyosatida uzoqni o‘ylab, o‘zaro teng huquqli va birdek manfaatli aloqalari, xalqlar uchun nafi tegadigan amaliy takliflari va ularni hayotga tatbiq etishdagi tashabbuslarini mujassam qilayotgani e’tiborga molik.
Jumladan, yaqinda BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida davlat rahbarining ma’ruza qilgani, ko‘tarilayotgan muammolar va ularning yechimiga qaratilgan amaliy takliflarni tahliliy o‘rgansak, sessiyadan sessiyagacha bo‘lgan davrda bildirilgan taklif va tashabbuslar O‘zbekiston tomonidan o‘z vaqtida bajarib kelinayotgani, davlat o‘z zimmasiga olayotgan xalqaro kelishuvlarga hurmat bilan yondashib, ularning ijrosida faollik ko‘rsatayotganiga guvoh bo‘lamiz.
Xususan, yoshlar tarbiyasi va ularga ta’lim berish sifatini oshirish, xalqaro miqyosda tinchlikparvar siyosat, yaqin qo‘shnichilik aloqalari, Afg‘oniston va Orol muammolari hech bir chiqish yoki tashabbusda chetlab o‘tilmaydi.
Bu galgi nutqi davomida ham Shavkat Mirziyoyev global harakatlarga yoshlarni jalb etish bo‘yicha Butunjahon konferensiyasi mamlakatimizda muvaffaqiyatli o‘tkazilganiga e’tibor qaratdi. Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda – qadimiy Samarqand shahrida muntazam o‘tkazilayotgan Inson huquqlari muloqotlari doirasida Global ta’lim forumi tashkil etiladi.Samarqand mezbonligida o‘tayotgan va o‘tkaziladigan xalqaro tadbirlar istiqbolli yoshlarni dunyoning turli joylaridan kelib, bir joyga to‘planishi va muayyan muammoga birgalikda yechim qidirishiga sharoit yaratadi. Ushbu sessiyada BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish qayd etganidek, dunyo hech qachon bunday xavf ostida bo‘lmagan va bunchalik tarqoqlashmagan.
O‘ZBEKISTON BUTUN MINTAQA UCHUN QAYG‘URADI
Prezident o‘z nutqida Markaziy Osiyo mintaqasi va hatto unga yondosh mintaqalar manfaatlaridan ham kelib chiqib, qator muhim masalalarni dadillik bilan o‘rtaga tashladi. Bosh maqsad – MarkaziyOsiyoni farovon va barqaror rivojlanayotgan, ishonch va do‘stlik makoniga aylantirish ekaniga alohida e’tibor qaratdi.
Sir emaski, Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatida qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro yaqin va samarali aloqalarni yo‘lga qo‘yish muhim yo‘nalishga aylandi. Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining o‘zaro siyosiy muloqotlari an’ana tusini oldi.
Yaqinda Toshkentda bo‘lib o‘tgan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro konferensiya tashqi siyosatda uyg‘un harakatlanish borasidagi katta tajriba bo‘ldi. Asosiysi, bu hamkorlik jahonning yirik iqtisodiy samarador yo‘nalishlarida muhim burilish nuqtasini vujudga keltirmoqda. Ahamiyatiga ko‘ra, qadimiy Buyuk ipak yo‘li yangi dunyoning in’ikosiga aylanib bormoqda.
O‘z navbatida farovonlikning asosiy sharti bo‘lgan tinchlik va xotirjamlikni mintaqada barqaror ravishda ta’minlash borasidagi tashabbuslar xususida ham alohida to‘xtalib o‘tish adolatdan bo‘ladi. Xususan, joriy yil noyabr oyida Toshkentda BMTning Global aksilterror strategiyasi Markaziy Osiyo uchun rejasining o‘n yillik natijalari va istiqbollariga bag‘ishlangan Xalqaro konferensiya o‘tkazilishi ma’lum qilindi. Bu esa, O‘zbekiston eksport qilayotgan va jahon miqyosida sheriklariga taklif etayotgan eng qimmatli «mahsulot» – avvalo tinchlik degan obrazli o‘xshatishga turtki beradi.
Zotan, mazkur tadbir doirasida BMTning giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi bilan 2022-2025-yillarga mo‘ljallangan Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun mintaqaviy dastur imzolanishi ma’lum qilindi. Insoniyat boshiga ko‘plab kulfatlarni solishi mumkin bo‘lgan bu ikki illatga qarshi kurashda dunyoning eng nufuzli tashkiloti bilan soatlarni o‘zaro to‘g‘rilab ish ko‘rish, o‘z samarasini berishiga ishonamiz.
Davlat rahbarining BMTning tegishli Boshqarmasi ishtirokida Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarini qamrab oladigan Giyohvandlikka qarshi umumiy Harakatlar rejasini ishlab chiqishga oid taklifi ham shubhasiz, ko‘plab muammolar ildizini joyida bartaraf qilishga tashlanadigan navbatdagi qadam bo‘ladi.
Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston turli xavf-xatarlardan saqlanishda faqatgina o‘zini o‘ylab emas, balki mintaqa mamlakatlari manfaatidan kelib chiqqan holda islohotlar o‘tkazmoqda. Afg‘oniston va Orolbo‘yi mintaqasi bo‘yicha bildirilgan fikr va takliflar ham so‘zimiz isbotidir.
Xulosa qilib aytganda, Birlashgan millatlar tashkiloti sessiyasida O‘zbekistonning hayotiy muhim tashabbus va takliflari yana yangi bosqichga chiqdi.
Zulayho Akromova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati