O‘zbekiston - Koreya ekspertlar muloqoti samarasi va dolzarbligini isbotladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan “O‘zbekiston - Koreya: kelajakka nazar” ekspertlar forumi ishtirokchilariga murojaat qilarkan, bu ikki davlat ilmiy-tadqiqot tuzilmalari o‘rtasidagi hamkorlik uzoq tarixga ega ekanini ta’kidladi.
“O‘tgan o‘n yil ichida Seulda va Toshkentda 20 ga yaqin qo‘shma tadbir o‘tkazildi. Biz xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik, transport yo‘laklarini kengaytirish, Jahon savdo tashkiloti bilan hamkorlikni rivojlantirish, ko‘p qirrali O‘zbekiston - Koreya munosabatini mustahkamlash bilan bog‘liq dolzarb masalalar yuzasidan juda samarali ishladik”, - deya ta’kidladi A.Ne’matov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Koreya tahliliy doiralari o‘rtasidagi ekspertlar muloqotining bunday ijobiy tajribasi o‘z samaradorligi, dolzarbligini isbotladi. Hozirgi vaziyat bu amaliyotni, yaxshi an’anani davom ettirishni taqozo etadi.
Eslatib o‘tamiz, SMTI tomonidan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda “Koreya Respublikasi-Markaziy Osiyo” Hamkorlik forumi Kotibiyati ko‘magida tashkil etilgan anjumanda ikki mamlakatning yetakchi ekspertlari, tahlil markazlari rahbarlari, ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etmoqda.
O‘zA