O‘zbekiston — JSST: samarali hamkorlik yo‘lida
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Xalqaro ishlar va parlamentlararo hamda Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitalari hamkorligida “O‘zbekiston Respublikasi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari va istiqboli” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda deputatlar, tegishli vazirlik va idoralar mas’ul vakillariishtirok etdi.
Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov va JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Lian Kuppens davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning BMT va boshqa tashkilotlar yuqori minbarlaridan turib umumbashariy miqyosda ro‘y berayotgan muammolarni hal etish, xususan, koronavirus pandemiyasiga barham berish, ushbu ofatning insonlar hayotiga salbiy oqibatlarini bartaraf qilish, iqtisodiyotni tiklashga qaratilgan samarali yechimlarni mujassam etgan taklif va tashabbuslari jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilayotganini ta’kidladilar.
Mamlakatimizda tibbiyot sohasini izchil rivojlantirishga muhim e’tibor qaratilayotgani, sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirish, malakali tibbiy kadrlar tayyorlash, sohaga yangi boshqaruv usullarini joriy etish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida samarali xalqaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.
[gallery-6633]
Ta’kidlash joiz, jumladan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan ham qator yo‘nalishlarda yaqindan hamkorlik o‘rnatilgan. Ayniqsa, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash, xususan, aholini ommaviy emlash masalasida JSST tomonidan mamlakatimizga kerakli asbob-uskunalar, himoya vositalari yetkazib berilmoqda.
Shuningdek, JSST mamlakatimiz tibbiyot muassasalariga shifokor, hamshira va boshqa tibbiy xodimlar malakasini oshirish, laboratoriya xodimlarini o‘qitish, xalqaro tajribadan foydalangan holda davolash protokollarini tuzishda yaqindan ko‘maklashib kelmoqda, koronavirus infeksiyasi to‘g‘risidagi doimiy ravishda yangilanib boradigan xalqaro axborotni erkin olish imkoniyatini yaratib bermoqda.
Bundan tashqari, anjuman chog‘ida xalqaro ekspertlar ko‘magida sog‘liqni saqlashni moliyalashtirishni yaxshilash, davlat tibbiy sug‘urta va elektron sog‘liqni saqlash tizimini joriy etish, sog‘lom turmush tarzi va sog‘lom ovqatlanishni targ‘ib qilish, yuqumli va yuqumli bo‘lmagan kasalliklar, salomatlik uchun zararli odatlarga qarshi kurash kabi qator vazifalar bo‘yicha samarali choralar ko‘rilayotgani aytib o‘tildi.
— O‘zbekiston va JSST mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimining huquqiy asosini takomillashtirish, sohaga innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, xususiy va davlat tibbiyot muassasalari o‘rtasida uzviy aloqani yo‘lga qo‘yish kabi yo‘nalishlarda samarali hamkorlik o‘rnatishi mumkin, — dedi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a’zosi Feruza Negmatova. — Bundan tashqari tibbiyot turizmini rivojlantirish borasida ilg‘or xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rganish ham muhim.
Davra suhbati so‘ngida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi hamda Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasining JSST O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan tibbiyotning huquqiy asoslarini zamon talabidan kelib chiqib takomillashtirish borasida o‘zaro amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tegishli takliflari qabul qilindi.
Ulug‘bek Mahmirzayev, O‘zA