O‘zbekiston - Hindiston hamkorligiga 30 yil to‘ldi
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Hindiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankarga diplomatik munosabat o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan tabrik yo‘lladi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qilgan.
Maktubda ikki mamlakat xalqlari o‘rtasida asrlar davomida shakllangan va umumiy tarix, madaniyat, mushtarak urf-odat va qadriyatlarga asoslangan strategik sheriklik aloqasi so‘nggi davrda misli ko‘rilmagan darajada faollashib borayotgani ta’kidlangan.
Birgina o‘tgan yili O‘zbekiston va Hindiston tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari ham ikki tomonlama, ham xalqaro forum va tadbirlar doirasida olti marta uchrashuv o‘tkazdi. Bu strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, hamkorlik ko‘lamini tobora kengaytirish yo‘lidagi o‘zaro intilishning yaqqol ifodasidir.
A.Komilov O‘zbekiston va Hindistonning birgalikdagi sa’y-harakati bilan mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik munosabati bundan buyon ham barcha sohalarda, ikki xalq farovonligi yo‘lida rivojlanib, chuqurlashib borishiga ishonch bildirdi.
O‘zA