O‘zbekiston harbiy oshpazlari tengsiz
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy okrugi Jizzax viloyatidagi “Forish” poligonida “ArMI – 2022” VIII Xalqaro armiya o‘yinlari qizg‘in davom etmoqda. Kecha “Dala oshxonasi” musobaqasi bellashuvlari bo‘lib o‘tdi.
“Dala oshxonasi” Xalqaro armiya o‘yinlari shaharchasida 5 ta davlatdan kelgan usta oshpazlar o‘z mahoratini namoyish etdi. Bu bellashuvni kuzatishning o‘zi maroqli. Bir kun muqaddam jangovarlikda kuch sinashgan bu azamatlar bugun butunlay boshqa bir yo‘nalishda o‘zlarini namoyon etdi.
Tojikiston harbiylarining o‘zbek oshxonasiga o‘xshash taraflari, vetnamlik harbiy oshpazlarning o‘ziga xos xatti-harakatlari, Belorus Respublikasi yigitlarining chaqqonligi, Rossiya harbiy oshpazlarining o‘zlariga ishonchi va albatta, yurtdoshlarimizning san’atkorona mahorati hakamlar va boshqa davlatlardan kelgan kuzatuvchilarning diqqat markazida bo‘ldi.
[gallery-8370]
Musobaqa nizomiga ko‘ra, ajratilgan 4 soatdan so‘ng barcha davlatlar harbiylari “Dala oshxonasi” sharoitida o‘z taomlarini tayyorlab bo‘ldi. Hakamlar hay’ati yakuniy xulosalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi harbiy oshpazlari terma jamoasi 193,8 ball bilan birinchi, 186,2 ball jamg‘argan Rossiya Federatsiyasi jamoasi ikkinchi, 160,4 ball to‘plagan Belarus harbiy oshpazlari jamoasi esa uchinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, Vetnam sotsialistik Respublikasi harbiy oshpazlari jamoasi 138,2 ball, qo‘shni Tojikiston Respublikasi jamoasi 135 ball jamg‘ardi.
– Tayyorlanadigan taom, salat, sharbatlar uchun masalliqlarni hozirlashdan tortib ularni tayyorlashgacha bo‘lgan jarayon hakamlar tomonidan sinchiklab kuzatilib, o‘rganib borildi, – deydi O‘zbekiston Qurolli Kuchlari terma jamoasi a’zosi, serjant Mamurbek Mamarasulov. – Taomning ko‘rinishi, uyg‘unligi, foydalilik xususiyatlari, ta’mi va yana bir qator talablar hisobga olindi. “ArMI – 2022” VIII Xalqaro armiya o‘yinlarining “Dala oshxonasi” musobaqasida O‘zbekiston harbiy oshpazlari tengsiz ekanliklarini yana bir bor isbotladi. Ushbu zafar yakuniy g‘alabaga muhim zamin bo‘la oladi. Xalqaro armiya o‘yinlari davom etmoqda.
A.Qayumov,
J.Yorbekov (surat), O‘zA