O‘zbekiston Gaaga bitimining Jeneva aktiga qo‘shiladi
Gaaga bitimining Jeneva akti o‘z mahsulotlarini, birinchi navbatda, tashqi bozorlarda ilgari surishdan manfaatdor bo‘lgan sub’ektlarga sanoat namunalarini ro‘yxatdan o‘tkazishning amaldagi milliy tizimlarga nisbatan qulayroq tartib-taomildan foydalanish imkonini beradi.
Milliy ishlab chiquvchilar esa sanoat namunasi intellektual mulki himoyasini olish uchun bir qator mamlakatlarda tegishli idoraga o‘sha yerdagi shakl bo‘yicha va tilda ariza berishga majbur bo‘lmoqda va ushbu tartib-taomil uchun har safar alohida haq to‘lashga to‘g‘ri kelayotir.
Senat yalpi majlisida ma’qullagan “Sanoat namunalarini xalqaro ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi Gaaga bitimining Jeneva akti (Jeneva, 1999 yil 2 iyul)gaO‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi qonun yuqoridagi muammolarga barham berishga qaratilgan.

Gaaga bitimining Jeneva akti milliy ishlab chiquvchilarga barcha tartib-taomillar bajarilishini va hujjatlar tarqatilishini o‘z zimmasiga oladigan Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (BIMT)ga bitta ariza berish imkonini beradi.
Hozirgi vaqtda 70 davlat Gaaga bitimining Jeneva akti ishtirokchilari hisoblanadi.
Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan mazkur qonun milliy ishlab chiqaruvchilarning intellektual mulkini himoya qilishni kuchaytirish, shuningdek, yangi mahsulotlar yaratishda ularning javobgarligini oshirish va ishlab chiqarishda patentlangan ob’ektlardan noqonuniy foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik imkonini beradi.
Mazkur xalqaro hujjatga qo‘shilish mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi yo‘lidagi yana bir muhim qadam bo‘ladi.
N.Abduraimova, O‘zA