"O‘zbekiston fuqaroligini olganimdan juda xursandman"
Davlatimiz rahbarining shu yil 26 martda qabul qilingan farmoniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi berilgan shaxslar qatorida samarqandlik 7 nafar yurtdoshimiz ham bor.
Ulardan biri Komiljon Hasanov Tojikistonning Dushanbe shahrida tug‘ilib o‘sgan. Taqdir taqozosi bilan 1992 yilda O‘zbekistonga ko‘chib kelgan va shu yerda hayot kechirmoqda.


– Harbiy xizmatdan so‘ng Samarqandga kelib, shu yerda hayotimni davom ettirdim, oila qurdim, bola-chaqali bo‘ldim, – deydi Komiljon Hasanov. – O‘zbekistonda yashasam ham uning fuqarosi emasligim armonim edi. Bu xuddi o‘z uyingda begona bo‘lib yashashga o‘xshaydi. O‘tgan yil davomida Tojikistondagi yaqinlarimdan ayrildim, ammo ularning ma’rakalariga borib qatnasholmadim. Yaxshi kunlarda ham yaqinlarim yonida bo‘lolmadim. Xudoga shukr, mana endi O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib, shu yurt kishisi sifatida barcha huquqlarga ega bo‘ldim. Buning uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildiraman.
Mavjuda Qudratova ham 1988 yilda Tojikistonda tug‘ilgan bo‘lsa-da, 1992 yilda O‘zbekistonga ko‘chib kelib, shu yerda hayot kechirmoqda. Lekin shu paytgacha unda ham O‘zbekiston fuqaroligi yo‘q edi.


– Prezidentimizning oqilona siyosatlari va bag‘rikengliklari tufayli bugun O‘zbekiston fuqaroligini olganimdan juda xursandman, – deydi M.Qudratova. – Endi men ham shu yurt fuqarosi sifatida Vatanimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shaman.
Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev va viloyat IIB boshlig‘i Rahmat Mamatov O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan yurtdoshlarimizga ID kartalarni tantanali suratda topshirib, ularni tabrikladi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri