
Zamonaviy raqamli texnologiyalar, ayniqsa, sun’iy intellekt, dunyo davlatlari uchun yangi imkoniyatlarni yaratibgina qolmay, yangi murakkabliklarni ham tug‘diradi.
Sun’iy intellekt texnologiyalari bilan bog‘liq muammolarga nafaqat dunyodagi yetakchi davlatlar, balki rivojlanayotgan mamlakatlar ham katta qiziqish bilan e’tibor qaratmoqda. Xususan, Fransiya Yevropaning yetakchi texnologik markazlaridan biri sifatida sun’iy intellekt sohasida o‘ziga xos yutuqlarga erishmoqda. Bu borada boshqa davlatlar bilan izchil hamkorlik qilmoqda.
Fransiyada sun’iy intellekt tadqiqotlari va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlovchi yirik markazlar, universitetlar va texnoparklar mavjud. Mamlakat hukumati sun’iy intellekt texnologiyalari rivojini davlat strategiyasi sifatida ko‘radi. Xususan, 2018 yilda bu borada tashabbusini boshlab, sohaga milliardlab yevro mablag‘ ajratdi. Bundan tashqari, Parij dunyoning eng yirik sun’iy intellekt startaplari va xalqaro hamkorliklar markaziga aylangan.
Fransiyaning yetakchi oliy ta’lim dargohlari sun’iy intellekt bo‘yicha dunyoga mashhur tadqiqotlar olib boradi.
O‘zbekiston ham keyingi yillarda raqamli transformatsiya va texnologik rivojlanishga katta e’tibor bermoqda. Mamlakatda sun’iy intellekt, ma’lumotlar tahlili va avtomatlashtirish sohalarida yangi loyihalar amalga oshirilmoqda.
“Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi qabul qilinib, sun’iy intellekt va boshqa zamonaviy texnologiyalarni joriy etish maqsad qilingan. Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 17 fevralda “Sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Ushbu hujjat doirasida qishloq xo‘jaligi, bank, moliya, transport, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, energetika, soliq va boshqa ustuvor tarmoqlarda sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha tajriba-sinov loyihalari amalga oshirildi.
Mazkur islohotlarning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 14 oktyabrda “Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, sun’iy intellekt asosida yaratilgan dasturiy mahsulotlar va ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmini 1,5 milliard dollarga yetkaziladi.
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida sun’iy intellekt asosida ko‘rsatilayotgan xizmatlar ulushini 10 foizga yetkazish maqsad qilingan. Sun’iy intellekt yo‘nalishida faoliyat yurituvchi ilmiy laboratoriyalar sonini o‘ntaga yetkazish hamda yuqori quvvatli hisoblash serverlarini ishga tushirish ko‘zda tutilgan. Hukumatning sun’iy intellektga tayyorlik indeksida.
Tarixdan ma’lumki, O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida Amir Temur davlatchiligi paytida ham o‘zaro aloqalar boshlangan va elchilar orqali maktublar almashilgan. Vatanimiz mustaqillikka erishgach, O‘zbekiston dunyoning turli mamlakatlari bilan bo‘lganidek, Fransiya bilan ham siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni o‘rnatdi.
Shu bilan birga, 2025 yilning 10 martida Fransiyaning Parij shahrida «Ilm-fan va ta’lim: O‘zbekiston – Fransiya ko‘prigi» anjumani tashkil etildi. Mazkur anjumanda ikki davlatning nufuzli oliy o‘quv yurtlari rektorlari, ta’lim tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Unda ta’limda innovatsion texnologiyalar bo‘yicha tajriba almashish, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, xalqaro tajriba asosida ta’lim dasturlarini takomillashtirish bo‘yicha muhokamalar o‘tkazildi.
O‘zbekiston va Fransiyaning sun’iy intellekt yo‘nalishidagi hamkorligi ko‘plab yo‘nalishlarda amalga oshirilishi mumkin. Xususan, Fransiyaning yetakchi universitetlari va ilmiy markazlari bilan hamkorlikda O‘zbekistonda sun’iy intellekt bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash dasturlarini ishlab chiqish maqsadga muvofiq.
Magistratura va doktorantura dasturlarini joriy etish, o‘qituvchilar va talabalar uchun almashinuv dasturlarini tashkil etish ham yaxshi samara beradi. Ilmiy- tadqiqot va innovatsiyalar yo‘nalishida esa ikki mamlakat ilmiy markazlari o‘rtasida qo‘shma loyihalar hamda tadqiqotlar olib borish lozim. Shuningdek, Fransiyaning texnologik ekotizimi va O‘zbekistondagi yosh startaplar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma forumlar, ko‘rgazmalar va treninglar tashkil etish maqsadga muvofiq.
O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida sun’iy intellekt bo‘yicha hamkorlik nafaqat ikki mamlakat, balki butun dunyo uchun foydali bo‘lishi mumkin.
Baxtiyor MAHKAMOV,
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori, professor.
O‘zA