“O‘zbekiston - Fransiya” parlamentlararo forumi o‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtiradi
Oliy Majlis Senatiga “O‘zbekiston - Fransiya” birinchi parlamentlararo forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan senator Valeri Boye boshchiligidagi Fransiya Senati delegatsiyasi tashrif buyurdi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashuvda oliy darajadagi konstruktiv muloqot tufayli O‘zbekiston - Fransiya munosabatlari jadal rivojlanib, strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani ta’kidlandi. Fransiya O‘zbekistonning ishonchli va uzoq muddatli hamkori ekani qayd etildi.

Savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va ta’lim sohalaridagi hamkorlikning ijobiy natijalari muhokama qilindi.
Agrar va suv xo‘jaligi, energetika, sanoat, oziq-ovqat, transport, logistika yo‘nalishlaridagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqilib, xalqaro maydondagi tashabbuslar o‘zaro qo‘llab-quvvatlanishi ta’kidlandi.

Ikki davlat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlashning muhim elementi sifatida parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bu borada tegishli qo‘mitalar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish va hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, parlamentlararo hamkorlik guruhlari faoliyatini kengaytirish zarur.
“O‘zbekiston - Fransiya” birinchi parlamentlararo forumining o‘tkazilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtiradi. Ikki tomonlama va mintaqalararo kun tartibidagi dolzarb masalalar bo‘yicha umumiy yondashuvlarni ishlab chiqishning ta’sirchan mexanizmiga aylanadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar parlamentlararo muloqotni yanada mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi.
N.Abduraimova,
O‘zA