O‘zbekiston energetika haftaligi o‘z ishini boshladi
Bugun Toshkentdagi “CAEx Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazmalar markazida O‘zbekiston energetika haftaligi – UEW 2025 o‘z ishini boshladi.
Mazkur haftalik “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi hamda uning hamkorlari – “ICA Eurasia Group” va “Congresses of Central Asia – CCA” tomonidan, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va “O‘zbekneftgaz” AJning rasmiy ko‘magida tashkil etildi.
Aytish joizki, mazkur haftalik mamlakatda ushbu sohadagi eng so‘nggi yangiliklar va innovatsiyalar bilan tanishish, tajriba almashish uchun muhim platforma hisoblanadi. Unda xalqaro ekspertlar, mutaxassislar va rahbarlar ishtirokida energetika, barqaror rivojlanish, “yashil” energiya hamda zamonaviy texnologiyalar muhokama qilinib, mamlakatning energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish va ekologik toza energiya manbalariga o‘tishga qaratilgan muhim qarorlar qabul qilinadi. Bu tadbir nafaqat energetika sohasining barqaror rivojlanishi, balki global ekologik muammolar va energetik xavfsizlik masalalarida ham alohida ahamiyat kasb etadi.
Ta’kidlanganidek, haftalik doirasida sanoatni rivojlantirish kun tartibi va mintaqaviy muloqotni belgilashda strategik ahamiyatga ega bo‘lgan qator ko‘rgazma va konferensiyalar o‘tkaziladi. Ular qatorida “O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2025” ko‘rgazmasi va anjumani, “Energetika, energiya tejash, atom energetikasi va muqobil energiya manbalari – Power Uzbekistan 2025” ko‘rgazmasi, “Yashil energiya tejovchi texnologiyalar – GETCA 2025” ixtisoslashtirilgan bo‘limi, shuningdek, 5-Xalqaro energetika anjumani alohida o‘rin tutadi.
Energetika haftaligining umumiy ekspozitsiyasi 465 ta kompaniya va brend, 120 dan ortiq spiker hamda 1 420 nafar delegatni birlashtiradi. Tadbir ishtirokchilari 34 davlatni qamrab olgani bilan ham muhim ahamiyatga ega.
– Men uchun energetika haftaligida ishtirok etish juda katta tajriba va bilim manbai bo‘ldi. Bu yerda nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro miqyosda amalga oshirilayotgan ilg‘or loyihalar, texnologiyalar va “yashil" energiya sohasidagi yechimlar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldim. Ayniqsa, mutaxassislar va investorlar bilan bevosita muloqot qilish, tajriba almashish va hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari men uchun juda foydali bo‘ldi. Bu kabi tadbirlar O‘zbekistonda energetika sohasini yangi bosqichga olib chiqishda muhim maydon hisoblanadi, – dedi Energetika vazirligi bo‘lim boshlig‘i Azimjon Xalilov.
Haftalikning biznes dasturidagi asosiy tadbirlardan biri – O‘zbekiston xalqaro energetika forumi hisoblanadi. U doirasida 27-Xalqaro neft va gaz anjumani hamda 5-Xalqaro energetika anjumani tashkil etiladi. Joriy yildagi forum “Barqaror energetika uchun mintaqaviy hamkorlik” shiori ostida o‘tkazilib, o‘zgaruvchan energetika landshaftida hamkorlikka asoslangan barqaror rivojlanish strategiyalari, innovatsion texnologiyalar va xavfsiz energiya ishlab chiqarish masalalari muhokama qilinadi. Forumning uch kunlik kun tartibida vazirlar va ekspertlar muloqotlari, yalpi majlis, panel va texnik sessiyalar o‘rin olgan.
Ma’lumki, mamlakatimizda 2025 yil – “Atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilindi. Shu boisdan, “yashil” energetika masalalari haftalik doirasida ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Bu yilgi tadbir uglevodorodlarni qazib olish va elektroenergetika sohasini qamrab olgan holda, yoqilg‘i-energetika kompleksining ikki asosiy tarkibiy qismini uzviy tarzda birlashtirgan.
[gallery-23310]
Ko‘rgazma va anjumanlar mavzulari amaliy yechimlar, ilmiy-nazariy yondashuv va muloqot, innovatsiyalar hamda tajriba almashuvi asosida tashkil etilgan. Forum doirasida yetakchi xalqaro ekspertlar va soha flagmanlari barqaror rivojlanish strategiyalari, ilg‘or texnologiyalar va xavfsiz energetika masalalarini muhokama qilmoqda.
Haftalik o‘z ishini davom ettirmoqda.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA