O‘zbekiston dzyudochilari Yaponiyada
Yaponiyaning Tokio shahrida yakunlangan «Katta dubulg‘a» turniridan so‘ng dzyudo vatanida joylashgan Kodokan markazida boshlanayotgan xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida Davlat Bobonov, Muzaffarbek To‘raboyev, Diyora Keldiyorova, Dilshodbek Baratov, Sardor Nurillayev, Shahram Ahadov, Obidxon Nomonov kabi 17 nafar mahoratli sportchilardan iborat O‘zbekiston terma jamoasi vakillari ham ishtirok etmoqda.
Yig‘inda shuningdek, Ruminiya, Saudiya Arabistoni, Tojikiston, Qozog‘iston, Portugaliya, Janubiy Koreya, Germaniya, Meksika, Polsha, Xorvatiya kabi ko‘plab terma jamoalar qatnashmoqda. Mashg‘ulotlar erkaklar va ayollar jamoalari uchun alohida dastur asosida o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston terma jamoasi uchun Yaponiyada kechayotgan yig‘in 16 dekabrga qadar davom etadi. Shundan so‘ng, murabbiylar tomonidan saralangan sportchilar joriy yil 20-22 dekabr kunlari Isroilda o‘tadigan xalqaro turnirda ishtirok etishi kutilmoqda.
T. Ro‘ziyev, O‘zA