O‘zbekiston – diniy bag‘rikeng mamlakat
O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston – millatlararo totuv va diniy bag‘rikeng mamlakat” mavzuidagi ko‘rgazma bo‘lib o‘tdi.
2017-2021 yitllarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining beshinchi ustuvor yo‘nalishi aynan diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash masalasiga bag‘ishlangan.

Ko‘rgazmada kutubxona va muzey fondlarida saqlanayotgan turli dinlar tarixi, urf-odatlar va marosimlar haqidagi 40 dan ortiq kitob namoyishga qo‘yildi. Ular ilk matbaa usulida chop etilgan toshbosma asarlardir.

Shuningdek, ekspozitsiyadan fransuz sharqshunos olimi M.Kazimirskiy (1808-1887) tomonidan amalga oshirilgan Qur’on tarjimasi va tahlili, yer yuzidagi barcha xalqlarning diniy urf-odat va marosimlari yoritilgan asar, mashhur G‘arb olimlarining bir qator Sharq davlatlarida ilm-fan va san’at sohalarida erishilgan yutuqlar haqidagi asarlari, ilmiy izlanishlari, tarjima va tahlillariga oid kitoblar ham o‘rin olgan.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA