O‘zbekiston Coca-Cola kubogi. Finalda «Nasaf» va «Paxtakor» kurashadi
O‘zbekiston Coca-Cola kubogining yarim final o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.
Olmaliq shahrida AGMK va «Nasaf» jamoalari o‘zaro kuch sinashishdi. Teng kurashlar ostida o‘tgan uchrashuvning asosiy vaqtida darvozalar daxlsizligi saqlanib qoldi. Qo‘shimcha bo‘limlarning 94-daqiqasida mehmonlar vakili Alibek Davronov hisobni ochgan bo‘lsa, 120-daqiqadan keyingi bosh hakam qo‘shib bergan to‘rt daqiqalikda Andriya Kaluderovvich penaltidan hisobni oshirdi. Aslida penalti bo‘lishidan sanoqli soniyalar oldin maydon egalari qarshiliklar darvozasini nishonga ola bilishgandi. Biroq bu gol inobatga olinmadi. Boisi biroz oldingi vaziyatda mezbonlar darvozaboni Valijon Rahimov Jo‘rabek Mannonovga nisbatan qo‘pol o‘ynagani VAR hakamlari tomonidan ma’lum qilindi. Bosh hakam ning VARga murojaatidan keyin gol bekor qilindi va aksincha, maydon egalari darvozasiga penalti belgiladi. Shu tariqa «Nasaf» qiyin o‘tgan o‘yinda g‘alaba qozonib, finalning dastlabki ishtirokchisiga aylandi.

«Paxtakor» va «Bunyodkor» juftlik o‘yini birinchisi kabi 120 daqiqadan ortiq davom etdi. Faqat oldingisidan farqi bu gal g‘olib jamoa penaltilar bahsida aniqlandi. O‘z maydonida «Bunyodkor»ni qabul qilgan «Paxtakor» uchrashuvning asosiy vaqtini 1:1 hisobidagi durang bilan tugatdi. E’tiborli jihati, jamoaning tajribali legioneri Dragan Cheran birinchi bo‘lim yarmidayoq jamoadoshlarini xavotirga solib maydonni qizil kartochka tufayli tark etgandi. Bir kishi kam bo‘lishiga qaramay «sherlar» «qaldirg‘ochlar»ga bas kela olishdi. Uchrashuvning qo‘shimcha vaqti so‘nggi soniyalarida maydon egalaridan yana bir o‘yinchi Sherzod A’zamovning ham chetlatilishi jamoaga deyarli ta’sir ko‘rsatmadi, negaki o‘yin deyarli tugab bo‘lgandi. Bu yog‘i «lotoreya» – kim gol ura olsa yutadi, urolmasa qaytadi. To‘p tepishni «Bunyodkor» a’zolari boshlab berishdi. Shahboz Erkinovning dastlabki zarbasini mahoratli darvozabon Sanjar Quvvatov qaytara oldi. Qolgan barcha tepilgan to‘plar golga aylandi. Va aynan birinchi xato tufayli «Bunyodkor» Kubokdagi yurishini yarim finalda to‘xtatdi.

O‘zbekiston Coca-Cola kubogi.
Yarim final. 24 noyabr, chorshanba
AGMK – NASAF - 0:2 (asosiy vaqt – 0:0, qo‘shimcha vaqt – 0:2)
Olmaliq. «OKMK» stadioni. 4003 tomoshabin.
Gollar: Alibek Davronov, 94 (0:1), Andriya Kaluderovich, 120+4-pen. (0:2)
Amalga oshirilmagan penalti: Xusayn Norchayev, 39 («Nasaf»)
PAXTAKOR – BUNYODKOR - 1:1 (1:1). Penaltilar bo‘yicha - 5:4.
Toshkent. «Paxtakor» stadioni. 3990 tomoshabin.
Gollar: Xurshid G‘iyosov, 29 (0:1), Hojimat Erkinov, 41 (1:1) .
Shu tariqa musobaqaning hal qiluvchi «Paxtakor» va «Nasaf» jamoalari o‘rtasidagi final uchrashuvi 4 dekabrda tashkil etiladi. O‘yin betaraf maydon sifatida Samarqanddagi «Dinamo» stadionida o‘tkaziladi.
Oybek YUNUSOV, O‘zA