O‘zbekiston bayrog‘i – xalqimiz faxr-iftixori
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasida yurtimiz bayrog‘i qabul qilinganligining 32 yilligi munosabati bilan ”Muqaddasdir vatan bayrog‘i” nomli madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda mazkur akademiya kursant va o‘qituvchilari, shuningdek, tadbir mehmonlari ishtirok etishdi. So‘zga chiqqanlar yurtimiz bayrog‘ining mamlakatimiz siyosiy-ijtimoiy, madaniy hayotida tutgan o‘rni borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tishdi. Jumladan, siyosiy fanlar nomzodi, mazkur akademiya o‘qituvchisi Tursunmurod Mamatqobilov bayrog‘imiz shakli, ko‘rinishi, ranglari va ahamiyati borasida so‘z yuritdi.
– Yurtimiz bayrog‘i o‘zida xalqimizning orzu-istaklari, g‘ayrat shijoati hamda elimizga xos mehmondo‘stlikni mujassam etgan. Bundan tashqari, bayrog‘imizning vatanimiz a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va vakolatxonalarimiz peshtoqlarida hilpirab turishi, turli bayram va tantanalarda, mamlakatimiz vakillari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida vatanimizning sha’ni, xalqimizning g‘ururini yorqin aks ettirishi barchamizga iftixor baxsh etadi. Masalan, xalqaro sport bellashuvlarida g‘alaba qilgan sportchilarimiz sharafiga yurtimiz bayrog‘i baland ko‘tarilgan lahzalarda har birimiz cheksiz hayajonga tushamiz, hech kimdan kam emasligimizni his etamiz.
Buyuk alloma, shayx Najmiddin Kubroning jasoratini yaxshi bilamiz. Hamon bu qahramonlik tillarimizdan tushmaydi, hanuzgacha xalqimizni vatanparvarlik va qahramonlikka chorlaydi. Yurt bayrog‘ini yov qo‘liga topshirishni istamagan Najmiddin Kubro hazratlari uni qo‘llarida mahkam tutgancha jon bergan edi. Darhaqiqat, yurtimiz bayrog‘ini ulug‘ bobolarimizdek doimo asrab-avaylashimiz, qadriga yetishimiz, uni qo‘llarimizda mahkam tutgancha olg‘a borishimiz lozim.
Shundan so‘ng tadbir mehmoni, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Turob Niyoz so‘zga chiqib, O‘zbekiston bayrog‘i xalqimizning faxr-iftixori bo‘lib, ijodkorlar uchun bitmas-tuganmas ilhom manbai ekanligini ta’kilab o‘tdi va bayrog‘imizga bag‘ishlangan o‘z she’rini o‘qib berdi.
Moviy rangda, yashil rangda, oppoq rangda,
Tovlanadi quyosh nurin taraganda,
Ko‘z quvnaydi, dil yashnaydi qaraganda,
El mehridan, yurt sha’nidan yaralgan-da.
Ozod bo‘ston bayrog‘i bu, shonimizdir,
O‘zbekiston bayrog‘i bu, jonimizdir.
Doim oldga chorlab turar mayoq kabi,
Qo‘llagaydir bir do‘st kabi, o‘rtoq kabi,
Yuksalgaydir burgut kabi, zo‘r tog‘ kabi,
Talpingaymiz unga aziz dargoh kabi.
Ozod vatan bayrog‘i bu, shonimizdir,
O‘zbekiston bayrog‘i bu, jonimizdir...
Akademiya orkestri xonandalari tomonidan aytilgan qo‘shiqlar esa tadbirning yanada jo‘shqin va fayzli o‘tishini ta’minladi.
O‘zA