O‘zbekiston banklari to‘rt oyda qariyb 7 trillion so‘m sof foyda oldi
O‘zbekiston bank tizimida moliyaviy barqarorlik va samaradorlik ko‘rsatkichlari izchil o‘sishda davom etmoqda. Markaziy bankning tahliliy ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–aprel oylarida mamlakatda faoliyat yuritayotgan 34 ta tijorat banki jami 6,94 trillion so‘m sof foyda qayd etgan.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,64 trillion so‘mga ko‘p bo‘lib, bank sektorining daromadliligi sezilarli darajada oshganini ko‘rsatadi. Tahlillarga ko‘ra, 2024-yilning dastlabki to‘rt oyida banklarning sof foydasi 3 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, so‘nggi ikki yil mobaynida mazkur ko‘rsatkich ikki baravardan ziyod o‘sgan.
Bank tizimi aktivlarida ham ijobiy o‘sish kuzatilmoqda. Joriy yilning 1-may holatiga ko‘ra, mamlakat banklarining jami aktivlari hajmi 962,8 trillion so‘mga yetgan. Bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichga nisbatan qariyb 133 trillion so‘mlik o‘sish demakdir.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, bank aktivlarining 338,5 trillion so‘mi yoki 35 foizi xorijiy valyuta hissasiga to‘g‘ri keladi. Qiyosiy tahlillar shuni ko‘rsatadiki, 2025-yil 1-may holatida xorijiy valyutadagi aktivlar hajmi 335,8 trillion so‘m bo‘lib, umumiy aktivlarning 40 foizini tashkil etgan.
Demak, bir yil ichida valyutadagi aktivlar ulushi 5 foiz bandga qisqarib, milliy valyutadagi operatsiyalar salmog‘i ortgan.
Banklarni aktivlar hajmi bo‘yicha tahlil qilganda, mamlakatda aktivlari 30 trillion so‘mdan yuqori bo‘lgan 12 ta bank faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, 9 ta bankning aktivlari 10–30 trillion so‘m, 8 ta bankning aktivlari 3–10 trillion so‘m oralig‘ida bo‘lsa, 5 ta bankning aktivlari 3 trillion so‘mgacha yetadi.
Banklar foydasining o‘sishi kreditlash hajmlarining kengayishi, moliyaviy xizmatlarga bo‘lgan talabning ortishi hamda bank tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi bilan bog‘liq. Bu esa mamlakat iqtisodiyotini moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish va investitsiya muhitini yanada yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA