O‘zbekiston bank tizimida kreditlar 636 trillion, depozitlar 461 trillion so‘mga yetdi
O‘zbekiston bank tizimida kreditlash va jamg‘arma ko‘rsatkichlarining barqaror o‘sishi iqtisodiyotdagi ijobiy jarayonlarning muhim indikatorlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat bank tizimidagi jami kreditlar qoldig‘i 636 trillion so‘m, depozitlar hajmi esa 460,6 trillion so‘mga yetdi. Bu ko‘rsatkichlar moliya sektorida barqarorlik saqlanayotgani, biznes va aholining bank xizmatlaridan foydalanish darajasi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Kredit portfelining 403,1 trillion so‘mi yuridik shaxslar hissasiga to‘g‘ri kelishi ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda bank tizimining o‘rni tobora ortib borayotganini anglatadi. Korxonalarning moliyaviy resurslarga kengroq ega bo‘lishi iqtisodiy faollikni oshirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi.
Jismoniy shaxslarga ajratilgan 232,9 trillion so‘mlik kreditlar esa aholining ipoteka, ta’lim, avtokredit va iste’mol kreditlariga bo‘lgan talabi yuqori ekanini ko‘rsatadi. Bu ichki iste’mol bozorida talabning saqlanayotganini ham anglatadi.
Bank tizimidagi depozitlar hajmining 460,6 trillion so‘mga yetgani aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining banklarga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.
Depozitlar tarkibida yuridik shaxslar mablag‘lari 282,1 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, aholi omonatlari 178,5 trillion so‘mga yetdi. Bu jamg‘arma madaniyati rivojlanayotgani va banklarning moliyaviy resurs bazasi tobora kengayib borayotganini anglatadi.
Hududlar kesimida tahlil qilinganda, Toshkent shahri kredit va depozitlar hajmi bo‘yicha mutlaq yetakchilikni saqlab qolmoqda. Poytaxtda kreditlar hajmi 292,3 trillion so‘mni tashkil etib, mamlakatdagi umumiy kreditlar qariyb 46 foizni tashkil qilgan. Bu yerda yirik sanoat korxonalari, banklar, moliyaviy institutlar va xususiy biznes sub’ektlari faoliyati yuqori darajada ekani bilan izohlanadi.

Depozitlar bo‘yicha ham Toshkent shahrining ulushi juda yuqori bo‘lib, 351,6 trillion so‘m, ya’ni respublikadagi barcha depozitlarning 76 foizdan ortig‘i poytaxt hissasiga to‘g‘ri keladi.
Shu bilan birga, Farg‘ona, Samarqand, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlari kreditlash bo‘yicha faol hududlar sifatida qayd etilgan bo‘lsa, Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlari depozitlar hajmi yuqori bo‘lgan hududlar qatoriga kirdi.
Kredit va depozitlarning asosan poytaxtda jamlangani mamlakatda iqtisodiy faollik va moliyaviy resurslarning hududlar bo‘yicha bir tekis taqsimlanmaganini ko‘rsatadi. Kelgusida hududlarda tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash, investitsiya muhitini yaxshilash va zamonaviy moliyaviy xizmatlarni kengaytirish orqali mazkur tafovutni qisqartirish mumkin.
Xulosa o‘rnida aytish joiz, kreditlar va depozitlar hajmining o‘sishi mamlakat iqtisodiyotida ijobiy tendensiyalar saqlanayotganini ko‘rsatadi. Bank tizimi real sektorni moliyalashtirishda muhim tayanch bo‘lib xizmat qilmoqda, aholi va biznesning banklarga bo‘lgan ishonchi esa yil sayin mustahkamlanmoqda. Bu esa investitsiyalarni jalb etish, yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish va iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish uchun mustahkam moliyaviy asos yaratayotganidan dalolat beradi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA