O‘zbekiston-AQSH: Yoshlar masalalari bo‘yicha kelishuvlarga erishildi
Davlatimiz rahbari tomonidan xorijiy oliygohlar hamkorligida 40 ming nafar yoshni biznesga o‘rgatuvchi “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturini amalga oshirish vazifasi belgilangan edi.
Ayni shu maqsadda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev boshchiligidagi delegatsiya AQSHning Nyu-York shahrida qator samarali uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Xususan, navbatdagi manzil — dunyo ilm-faniga ulkan ta’sir ko‘rsatuvchi Yel universiteti bo‘ldi. Universitet mas’ullari bilan muloqotda yoshlarimiz uchun qator yangi imkoniyatlar muhokama qilindi.
Jumladan, Yelning “Xatarlarni boshqarish” dasturiga iqtidorli o‘zbekistonlik talabalarni jalb qilish bo‘yicha amaliy qadamlar tashlandi.

Startap ekotizimi bo‘yicha direktor Xiuang Li bilan yosh tadbirkorlarimiz uchun gibrid o‘quv dasturlarini joriy etishga kelishildi. Eng asosiysi, Yel professorlari tajriba almashish uchun O‘zbekistonga taklif etildi.
Shuningdek, innovatsiya va robototexnika yo‘nalishida “Tsai Center for Innovative Thinking at Yale” tajribasi asosida startaplarni rivojlantirish tahlil qilindi. Sun’iy intellekt, robototexnika va “FIRST Global” doirasida hamkorlik kengaytirilib, yoshlar ixtirolarini tijorat mahsulotiga aylantirish belgilandi.

Ilmiy tadqiqotlar yo‘nalishida ham ko‘plam imkoniyatlarga erishildi. Endilikda yurtimizdagi islohotlar va iqtisodiy rivojlanish jarayonlari Yel olimlari tomonidan maxsus chuqur o‘rganish ob’ekti sifatida xalqaro maydonga olib chiqiladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA