O‘zbekiston-AQSH: Misni boyitish sohasida hamkorlik imkoniyatlari o‘rganilmoqda
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligida AQSHning “FLUOR Corporation” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda mamlakatimiz tog‘-kon sanoatini texnologik jihatdan modernizatsiya qilish, misni boyitish jarayonlariga zamonaviy texnologiya va muhandislik yechimlarini joriy etish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda ilg‘or xalqaro tajribadan foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv avvalida “FLUOR Corporation” vakillari kompaniyaning faoliyati, xalqaro miqyosda amalga oshirgan yirik loyihalari hamda tog‘-kon va metallurgiya sohasida to‘plagan tajribasi haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilganidek, “FLUOR Corporation” AQSHning muhandislik, loyihalash, xarid, qurilish va loyihalarni boshqarish sohalarida faoliyat yurituvchi yirik xalqaro kompaniyalardan biri. U ko‘p yillik faoliyati davomida dunyoning turli mamlakatlarida yirik sanoat va infratuzilma loyihalarini amalga oshirib kelmoqda.
Kompaniyaning muhim faoliyat yo‘nalishlaridan biri tog‘-kon va metallurgiya sanoati bo‘lib, “FLUOR Corporation” mis, oltin, temir rudasi, litiy, nikel hamda boshqa strategik minerallarni qazib olish va qayta ishlashga qaratilgan loyihalarda ishtirok etadi. Shuningdek, kompaniya ma’danni maydalash va boyitish, metallurgik qayta ishlash hamda rafinatsiya jarayonlari bo‘yicha zamonaviy muhandislik yechimlarini taklif etadi.
Shundan kelib chiqib, tomonlar uchrashuvida yurtimizda misni boyitish jarayonida zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash, mavjud ishlab chiqarish quvvatlarining samaradorligini oshirish, texnologik jarayonlarni optimallashtirish va resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, tomonlar sohada innovatsion yechimlarni joriy etish, misni qayta ishlashda ilg‘or xorijiy tajribadan foydalanish hamda istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdi.
Vazirlik axborot xizmatining xabar berishicha, muloqot so‘ngida tog‘-kon sanoatida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlikni davom ettirish, shuningdek, o‘zaro manfaatli loyihalar bo‘yicha muloqotlarni izchil olib borishga kelishib olindi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA