O‘zbekiston – AQSH: Ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa (+video)
O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda izchil rivojlanib, siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ta’lim va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik yangi mazmun bilan boyib bormoqda. Ayniqsa, oliy va yuqori darajadagi muloqotlarning faollashuvi ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning Samarqandga tashrifi ushbu munosabatlar rivojida alohida ahamiyat kasb etdi. Mazkur tashrif ikki tomonlama aloqalarni yanada kengaytirish, o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash, shuningdek, Markaziy Osiyo va AQSH o‘rtasidagi muloqotni faollashtirish nuqtai nazaridan muhim voqea bo‘ldi.
Qo‘shma Shtatlar rasmiysining Samarqandga tashrifi hamda uning doirasida o‘tkazilgan uchrashuv va muzokaralarni O‘zA ham o‘z sahifalarida keng yoritib bordi. Agentlikning 9 tilda e’lon qilingan materiallarida tashrifning asosiy voqealari, O‘zbekiston – AQSH strategik sherikligining istiqbollari, “C5+1” formatidagi hamkorlik hamda ekspertlarning ushbu jarayonlarga oid fikr-mulohazalariga o‘rin berildi.
Ushbu “Yuzma-yuz plyus” ko‘rsatuvida “Ishonch” va “Ishonch-Doveriye” gazetalari bosh muharriri Husan Ermatov Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev bilan AQSH Davlat kotibining Samarqandga tashrifi, uning siyosiy-diplomatik ahamiyati hamda O‘zbekiston – Amerika munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari xususida suhbatlashdi.
Muloqot davomida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning izchil rivojlanayotgani, siyosiy ishonch va amaliy sheriklikni mustahkamlash masalalari, shuningdek, iqtisodiyot, investitsiyalar, transport-logistika va zamonaviy texnologiyalar sohalaridagi mavjud imkoniyatlarga e’tibor qaratildi.
Ushbu ko‘rsatuvni O‘zAning “YouTube” kanalida ko‘rishingiz mumkin.
O‘zA