O‘zbek tilining xorijda o‘qitilishi bo‘yicha anjuman
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek tili kafedrasi tomonidan «O‘zbek tilining xorijda o‘qitilishi: ta’lim nazariyasi va amaliyoti» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Konferensiya Zoom platformasida onlayn shaklda olib borildi.
Anjumanda ToshDO‘TAU rektori, filologiya fanlari doktori, professor Shuhrat Sirojiddinov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri Abdug‘appor Qirg‘izboyev, Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Szyan Yan xonim va boshqalar o‘zbek tilining xalqaro maydonda o‘rganilishi va o‘zbek tilini xorijiy til sifatida hamda davlat tili sifatida o‘qitish metodikasini takomillashtirish borasida fikr-mulohazalarini bildirdi.
Konferensiyada 100 nafardan oshiq xorijdagi o‘zbek tili o‘qituvchilari, mutaxassislari va tadqiqotchilari, shuningdek, O‘zbekistondagi shu soha vakillari ishtirok etdi.
O‘zbek tilining xorijda o‘qitilishi bo‘yicha muammolar tahlil qilinib, o‘zaro hamkorlik ishlari yanada jadallashtirilishi rejalashtirildi. Bundan tashqari, barcha tadqiqotchi va o‘zbek tili o‘rganuvchilari yagona onlayn platforma ostida birlashtirilib o‘zbek tilining onlayn platformasi ustida ish olib borilishi, har chorakda O‘zbek tilining xorijda o‘qitilishi bo‘yicha doimiy faoliyat ko‘rsatadigan ilmiy seminar faoliyatini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
Siletsian universiseti o‘qituvchisi Jan Oko (Polsha)ning o‘zbek tilidagi ma’ruzasi alohida e’tirofga molik bo‘ldi. U ma’ruzasida Polshada universitet talabalariga dars berishi jarayonida turli muammolarga duch kelishi, jumladan, o‘zbek tilida grammatik kitoblar, videodarslar yetishmasligi sababli, shogirdlari grammatikani yaxshi bilmasa-da, og‘zaki nutqlari yaxshi ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
Anjuman qatnashchilari shu’balarga bo‘lingan holda o‘zbek tili va madaniyatini o‘rgatish, badiiy matn tahlili va til ta’limi, o‘zbek tilini xorijiy til sifatida o‘qitishda til ko‘nikmalarini rivojlantirish masalalari, o‘zbek tilini davlat tili sifatida o‘qitishning samarali texnologiyalari va usullari kabi mavzularda o‘z ishini davom ettirdi.
D. Mamatova, O‘zA