O‘zbek tili – o‘zbek xalqining o‘zligi
21 oktyabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun
“Til – millatning ulkan boyligi va bebaho mulkidir”, deyiladi O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonunida. Haqiqatdan ham, o‘zbek tili o‘zbek xalqining bebaho boyligi, tengsiz kuchga ega bo‘lgan qudratli kuchi, tengsiz tilsimidir.
Olamning gultoji bo‘lgan insonga tuhfa qilingan til ulug‘ ne’mat hisoblanadi. Filologiya fanlari doktori, professor Nizomiddin Mahmudov ta’kidlaganidek, “Odamni, olamni va Ollohni tanimoqday mashaqqatli, sharafli yo‘lning avval-oxir charog‘boni shu tildir. Dunyoda o‘zining kimligini anglash, qavmining hamiyati va hurligini ko‘rish tuyg‘usi ham, avvalo, til tufayli poydordir. Ona tilining inson va aqliy va ma’naviy-ruhiy dunyosining tayanchi ekanligidan iborat haqiqatni hushi o‘zida bo‘lgan odamlarning barchasi e’tirof etadi.”
Har qanday milliy til vositasida shu tilda so‘zlovchi xalqning estetik, axloqiy-badiiy va falsafiy, diniy-etnografik, tarixiy va ijtimoiy, mafkuraviy va ma’naviy qarashlari, ular haqidagi tushunchalar, tasavvurlar, kategoriyalar, mushohadalar ifoda etiladi. Shu boisdan lison buyuk merosni avloddan avlodga olib o‘tuvchi, uni asrovchi va saqlovchi ma’naviy qurolga, xazinaga aylanadi. Binobarin, tilni shunchaki aloqa quroli deb bilish va baholash mantiqqa mutlaqo to‘g‘ri emas.
O‘zbek tili – o‘zbek xalqining milliy tili. Unda o‘zbek xalqining o‘zligi, tabiati, sajiyasi, saviyasi, tafakkur tarzi o‘z tajassumini topar ekan, demak, mazkur tilni asrab-avaylash, uning nufuzini, obro‘-mavqeyini ko‘tarish shu tilda so‘zlovchi har bir shaxsning ijtimoiy burchi va huquqidir.
Ajdodlarimiz biz avlodlarga o‘zining barcha qadimiy ma’naviy boyliklari bilan bir qatorda o‘zbek tilini ham ko‘hna tarix qa’ridan hozirga qadar avaylab, saqlab, asrab kelgan ekan, biz ham kelajakka tilimizni butunligicha yetkazish zimmamizdagi qarzdir. Boisi “Ona tilimiz – o‘zbek tili o‘zida xalqning qadriyatlari, milliy tafakkuri, tarixi, ruhiyati, ma’naviy dunyosi, o‘ziga xos urf-odatlarini in’ikos etuvchi noyob bir hodisa, buyuk bir ne’matdir. Lison, deb atalgan hududda makon topgan noyob so‘z javohirlarini, uning betakror xususiyatlarini kelgusi avlodlarga bezavol yetkazishdek sharafli vazifani ado etish” (Durdona Xudoyberganova) har bir davrning muhim masalasi hisoblanadi.
O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, xalqimiz o‘zbek tiliga, o‘zbek adabiy tilini yanada rivojlantirishga, uning qonuniy huquqlarini tiklashga katta e’tibor berdi. 1989 yil 21 oktyabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi mana shu ulug‘ ishning debochasi bo‘ldi. Hozirda davlat tilining nufuzini oshirishga doir bir qancha qarorlar, davlat dasturlari qabul qilindi va ular izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Mana shunday ulkan ishlardan biri 21 oktyabrning “O‘zbek tili bayrami kuni” sifatida belgilanishi bo‘ldi. Bu haqidagi Qonun 2020 yilning 10 aprel kunidan kuchga kirgan. “O‘zbek tili bayrami kuni”ning nishonlanishi o‘zini o‘zbek millati va xalqining vakili deb bilgan yurtdoshlarimiz qalbida cheksiz g‘urur va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otdi. Doim o‘zbek tili nufuzi va obro‘sini yanada oshirish, o‘z ona tiliga mehr-muhabbatini amaliy faoliyatda namoyon etish har bir o‘zbek farzandining maqsadi, muhim vazifasi bo‘lishi zarur. Har birimiz:
“O‘z yurtida erkin bo‘lsin elim dedim,
Yuragimda ungan gulim – tilim dedim…” (Mahmud Toir)degan orzu bilan yashamog‘imiz zarur.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, O‘zbekiston zaminida yashayotgan har bir fuqaroning zimmasida “Davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilish, shunday qarashni hayot qoidasiga aylantirish”dek sharafli mas’uliyat yotadi.
Xalqni oliy maqsad atrofida birlashtirish, jipslashtirishni ado etishda ona tilining ham munosib hissasi bor. Ona tilimiz orqali xalqimiz tarbiyalanadi. Demak, o‘z-o‘zidan, til xalqni tarbiyalashning ham qurolidir.
“Tuprog‘ida oltin gullaydigan, qishlarida bahor shivirlaydigan, tog‘ desa tog‘i bor, bog‘ desa bog‘i bor, har tongda bulbullar madhini o‘qib tamom qilolmaydigan” (Oybek) O‘zbekistonda yashayapmizmi, uning har bir ramzini, jumladan, tilini ham qadrlamog‘imiz, e’zozlamog‘imiz darkor. Madaniy-ma’naviy ishlar, ish yuritish, rasmiy va norasmiy yig‘inlar, ilmiy anjumanlar davlat tili – o‘zbek tilida olib boriladigan bo‘lsa, o‘zbek tilining radio va televideniye, targ‘ibot, nashr ishlari, pochta, telegraf tizimi, ilmiy-texnikaviy sohalar, moliya va savdo jabhalaridagi mavqeyi yanada tiklansa, nur ustiga nur bo‘lardi.
Erkin, mustaqil fikrlaydigan shaxsni tarbiyalash davlat siyosati darajasidagi vazifa sifatida e’tirof etilayotgan hozirgi kunda nutq madaniyatining ahamiyati juda katta. Zero ta’lim va tarbiya berishda asosiy vosita til sanaladi. Nutq madaniyatini o‘stirish faqat filologiya sohasidagi ta’limiy-tarbiyaviy ish bo‘lmasdan, g‘oyaviy-siyosiy, ma’rifiy ishlarning ham eng muhim tomonlaridan birini tashkil etadi. Har bir inson uchun o‘z milliy tilini o‘rganish hayotiy ehtiyojdir. Ma’lumki, har bir shaxsda nutq madaniyatining yuksalishi milliy til sirlarini o‘rganish, adabiy til me’yorlariga rioya qilgan holda to‘g‘ri gapirish va yozish, tilning leksik va grammatik birliklaridan o‘rinli va maqsadga muvofiq tarzda foydalana olish omillariga bog‘liq.
O‘zbek tilining me’yorlari mukammal shakllantirilganligi o‘zbek xalqi madaniyatining ulkan yutug‘idir. Mazkur tilni yuksak darajada asrab-avaylash maqsadga muvofiq. Millatimizning millatligini ko‘rsatuvchi ravon tilimizning buguni va ertasi uchun har birimiz mas’ulmiz. Tilning rivojini ta’minlash esa, avvalo, jamiyatda til haqidagi tushunchalarning barqarorligiga, til egalarining bebaho boylikka bo‘lgan hurmat-ehtiromiga bog‘liq.
Zohida Muqimova,
O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti katta ilmiy xodimi,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)