O‘zbek shoirasining navbatdagi kitobi AQSHda chop etildi
Keyingi yillarda o‘zbek adib va shoirlarining ijod namunalari xorijda tobora ko‘proq chop etilmoqda. AQSHning Dallas shtatidagi "Mundus Atrium Press" nashriyoti o‘z saytida xabar berishicha, taniqli o‘zbek shoirasi, O‘zbekiston va Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, bir necha xalqaro adabiy tanlovlar sovrindori, taniqli shoira Xosiyat Rustamovaning "Meni yuraklardan top" deb nomlangan kitobi Amerikada nashr qilindi.
Bu shoiraning ingliz tilida chop etilgan ikkinchi katta kitobi bo‘lib, birinchisi shu tilda Buyuk Britaniyaning "EGG London" nashriyotida "Rangli ko‘z yoshlar" nomi bilan 2020 yili nashr etilgan edi.
Ҳозирча shoiraning dunyoning 27 davlatida kitobi chiqdi va 34 ta xorijiy tilga o‘girildi.

Nashriyot bilan imzolangan shartnomaga ko‘ra, mazkur kitob birinchi bosqichda
10 ming nusxada bosildi va okean ortida sotuvga chiqarildi.
Kitobni taniqli ingliz shoiri Jon Farndon o‘zbek shoirasi Maftuna Dunyo bilan hamkorlikda tarjima qilishgan. Xalqaro miqyosda tanilgan shoir va yozuvchi, adabiyotshunos, professor Jek Marinay kitobga yozgan so‘z boshida hamyurtimiz ijodini shunday e’tirof etadi:
- Xosiyat Rustamovaning keng ko‘lamdagi ijodi bir qancha janrlarni o‘z ichiga qamrab oladi. Uning ijodi jahon adabiyotining ko‘zga ko‘ringan adabiyotshunoslari diqqatini jalb etdi. Shoira she’riyatida ko‘tarinki ruhiyat, yuksak badiiyat va mantiq uyg‘unligi, umuminsoniy dard alohida sezilib turadi. Bu esa uni zamonaviy Osiyo adabiyotidagi o‘ziga xos shaxs sifatida tanitdi...

O‘zbek adabiyoti kuch-qudrati, ona Vatanimiz dovrug‘uni jahon she’riyati maydonida yuksaklarga ko‘tarayotgan shoira Xosiyat Rustamova bugungi kunda qator mamlakatlarning nufuzli adabiy tanlovlari hay’ati a’zosi hamdir.
O‘zbek shoirasi ovozi dunyo adabiyoti minbarlarida baland jaranglayotgani barchamizga, ayniqsa adabiyot muxlislariga g‘urur bag‘ishlaydi.
N.Usmonova, O‘zA