O‘zbek san’ati barchani lol qoldirdi
Turkiyada bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston madaniyati kunlarining ochilishi munosabati bilan Anqara shahrida o‘zbek san’atkorlari ishtirokida konsert dasturi tashkil etildi. Bu haqda Madaniyat vazirligi matbuot xizmati ma’lum qilmoqda.
Dastlab, O‘zbekistonning tarixiy obidalarini aks ettiruvchi fotoko‘rgazma tashkil etildi.

Konsert dasturida elchixona va konsullik vakillari, Turkiyaning madaniyat sohasi vakillari hamda Anqarada yashab, faoliyat yuritib kelayotgan vatandoshlarimiz ishtirok etdi.

Tadbirda Turkiya madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari O‘zgul O‘zkan Yavuz tarixi, madaniyati va san’ati bir-biriga uyg‘un bo‘lgan ikki millatning madaniy aloqalari, hamkorlikda amalga oshirilgan loyihalarning natijalari xususida batafsil so‘zladi.

O‘zbek san’atkorlari tomonidan ijro etilgan betakror taronalar nafaqat dillari vatan sog‘inchiga to‘lgan yurtdoshlarimiz, balki, turkiyalik o‘zbek san’ati muxlislari tomonidan ham jo‘rlikda ijro etildi.
Bu kabi tadbirlar madaniy aloqalarni mustahkamlash, ikki millat o‘rtasidagi qardoshlik munosabatlarini ham yuksaltirishdek ezgu maqsadlarga xizmat qiladi.
N.Usmonova,
O‘zA