O‘zbek polvonlari Samarqandda bellashdi
Davlat organlari, muassasalari va tashkilotlari xodimlari o‘rtasida o‘tkazilayotgan kurash bo‘yicha “O‘zbek polvoni” respublika sport musobaqasining Samarqand viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqaning ochilish marosimida so‘z olgan viloyat prokurori J.Hotamov, DXX viloyat boshqarmasi boshlig‘i A.Ahmedov kurash milliy sport turini ommalashtirish, xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish borasida olib borilayotgan ishlar haqida to‘xtalib, ishtirokchilarga omad tiladi.
[gallery-9757]
Samarqand sport yakka kurashi bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport maktabida o‘tkazilgan musobaqada tuman-shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 200 nafarga yaqin havaskor sportchi bellashdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 4 noyabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlashga qaratilgan musobaqa nizomiga ko‘ra, erkaklar besh vaznda, ayollar uch vaznda g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
–Musobaqada ishtirok etib, 78 kilogramm vazn toifasida birinchi o‘rinni egalladim, - deydi Bulung‘ur tumanidagi 18-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Umida Safarova. – Endi respublika bosqichida viloyatimiz sha’nini himoya qilish uchun gilamga chiqaman.
Musobaqa g‘oliblari 15-16 dekabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkaziladigan respublika final bosqichida ishtirok etadi.
Alisher ISROILOV (surat), O‘zA