O‘zbek fotografiyasining fotografiya yurtidagi martabasi
Shu kunlarda Yaponiyada fotografiya san’atiga oid yirik xalqaro festival bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekistoning fotografiya san’ati, uning tarixi, an’analariga alohida e’tibor va qiziqish bilan ahamiyat qaratilmoqda. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktorining ilmiy maslahatchisi, professor Tursunali Qo‘ziyev ushbu nufuzli xalqaro festival, va umuman kunchiqar yurtda o‘zbek fotografiya san’atiga bo‘lgan e’tibor haqida O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi:
– Joriy yil jahon madaniyati tarixida alohida ahamiyatga ega. Bu yil fotografiya texnikasi ixtiro qilingani va fotografiya madaniyati hamda san’ati shakllanganiga 200 yil to‘lmoqda. Shu bilan birga, O‘zbekistonda milliy fotografiyaning paydo bo‘lganiga ham 150 yil to‘ldi.
Fotografiya kashfiyotchilari sanalgan fransuz va nemis suratkashlari fotoapparat ixtiro etilganidan ko‘p o‘tmay, Samarqand, Toshkent, Qo‘qon, Xiva va Buxoroga sayohat qilib, yurtimizning ilk fototasvirlarini yaratgan. Biroq ko‘p o‘tmay, Toshkent, Andijon, Samarqand va boshqa shaharlarda mahalliy iqtidorli fotoustalar yetishib chiqdi. Ular o‘z fotoatelelarini tashkil etib, milliy fotografiya maktabining shakllanishiga asos soldi.

Bu ustalarning nomlarini qayta tiklash ishlari hanuz davom etmoqda. Ammo tarix o‘zbek fotografiyasi va milliy kinochilikning asoschisi sifatida xivalik buyuk fotousta Xudoybergan Devonov nomini abadiy muhrlab qo‘ydi.
Chorak asr muqaddam kamina «O‘zbek fotografiyasining 125 yilligi» fotoantologiyasini tayyorlash ishiga kirishgan edim. Material to‘plash jarayonida keng jamoatchilikka mutlaqo noma’lum bo‘lgan, ulkan tarixiy ahamiyatga ega fotoarxivlar va fotokolleksiyalar aniqlandiki, hatto ko‘pni ko‘rgan tajribali mutaxassislar ham bundan hayratda qolishdi. Natijada mamlakatimiz fotografiyasi tarixini qamrab olgan 125 yillik fotoantologiya yaratildi va kam nusxada bo‘lsa-da, nashr etildi.

Bugungi Yangi O‘zbekistonda madaniy merosga qaratilayotgan yuksak e’tibor tufayli yangi-yangi tarixiy fotoarxivlar aniqlanmoqda. Agar ushbu boy merosni ilmiy saralab, yangi, to‘ldirilgan fotoantologiya nashr etilsa, bu nafaqat O‘zbekiston, balki butun jahon fotografiyasi tarixi uchun ham eng muhim kashfiyotlardan biri bo‘ladi.
Yapon xalqi va davlati esa insoniyat yaratgan har qanday istiqbolli kashfiyotni tez o‘zlashtirish, uni takomillashtirish va samarali sanoat mahsulotiga aylantirish qobiliyati bilan butun dunyoga mashhur. Fotografiya ham bundan mustasno bo‘lmadi. Agar Yevropa fotografiya texnikasining vatani bo‘lgan bo‘lsa, Yaponiya uning eng qudratli industriyasiga aylandi.

Albatta, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Shvetsiya, AQSH va Rossiya ham fotoindustriya taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shdi. Ammo aynan Yaponiya fotografiya texnikasini takomillashtirish, uni ommalashtirish, xalqchil va qulay qilish borasida yetakchilik qildi.
Bugun raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektning shiddatli rivojlanishi natijasida oddiy smartfonlar ham ilgarigi og‘ir va qimmat fotoapparatlarning ko‘p vazifalarini bajara olmoqda. Ammo bu holat haqiqiy fotografiya san’ati, uning estetikasi va madaniyatiga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirgani yo‘q. Aksincha, badiiy fotografiya mustaqil san’at sifatida yanada yuksalmoqda.

Bu jarayonda Yaponiyaning yana bir o‘ziga xos jihati diqqatga sazovor. Mamlakatda fotografiya rivoji muntazam monitoring qilinadi. Har yili Tokiodan tortib barcha yirik shaharlardagi muzey va galereyalarda an’anaviy fotofestivallar o‘tkaziladi.
Ular orasida “The Month of Photography Tokyo” festivali alohida o‘rin tutadi. O‘tgan asrdan buyon har yili o‘tkazib kelinayotgan mazkur festivalda yapon imperatori oilasi va millionlab fotografiya ixlosmandlari ishtirok etadi. Har yili fotosan’ati yuksak taraqqiy etgan mamlakatlardan biri tanlanib, uning eng yaxshi fotosuratlari Tokioning nufuzli muzey va galereyalarida namoyish etiladi.

O‘zbekiston fotograflari ushbu sharafga birinchi marta 2005-yilda sazovor bo‘lgan edi. O‘sha yili Tokioning ko‘plab ko‘rgazma zallari bir oy davomida o‘zbek fotografiyasi bilan yashadi.
Oradan yigirma yil o‘tib, 2026-yilda O‘zbekistondan vakillar yana ushbu nufuzli festivalga taklif etildi. Bu gal tashkiliy qo‘mita O‘zbekistondan 8 nafar, Qozog‘istondan esa 5 nafar taniqli fotomusavvirning asarlarini tanlab oldi va ularni talabchan yapon tomoshabini e’tiboriga havola qildi.

Eng quvonarlisi shundaki, bu yilgi festivalning bosh ramzi sifatida 1959-yilda toshkentlik fotousta V.Mazur tomonidan olingan «Yosh toshkentlik fotograflar paradi» nomli mashhur fotosurat tanlandi. U festival kataloglari, plakatlari va reklama materiallarining asosiy obraziga aylandi. Festival katalogi Yaponiyaning bir qator vazirlari, O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi hamda Qozog‘iston Elchisining tabrik so‘zlari bilan ochiladi.
Festival doirasida Tokio markazida joylashgan uch qavatli Xanzomon muzeyining birinchi qavati to‘liq O‘zbekistonning tarixiy fotografiyasiga bag‘ishlandi. Men ham mamlakatimiz elchixonasi xodimlari bilan ushbu ko‘rgazmaning ochilish marosimida ishtirok etish baxtiga muyassar bo‘ldim. Fotoko‘rgazmaga kelgan ishtirokchilarga O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiya markazi haqida batafsil ma’lumot berildi. Markaz muzeyidagi bebaho fotosuratlar fondi yapon tashkilotchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Tadbir davomida O‘zbekiston fotoko‘rgazmasining yaponiyalik tashkilotchilariga Islom sivilizatsiya markazi esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ayni paytda muzeyda O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan yana bir yirik fotoko‘rgazmaga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Unda Yangi O‘zbekistonning boy moddiy va nomoddiy madaniy merosi, xalqimizning bunyodkorlik salohiyati va zamonaviy taraqqiyotini aks ettiruvchi sara fotosuratlar namoyish etiladi.
Shuningdek, bu yil davomida Yaponiyaning turli shaharlarida ham Yangi O‘zbekiston va mustaqillikning shonli sanasiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazmalar bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Bugun Yaponiya kabi fotografiya madaniyati yuksak rivojlangan mamlakatda o‘zbek fotografiyasiga bildirilayotgan bu yuksak hurmat — nafaqat milliy fotosan’atimiz, balki butun O‘zbekiston madaniyatining xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotganining yana bir yorqin ifodasidir.
Bu ko‘rgazmaning o‘tkazilishida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston madaniyati va san’atini rivojlantirish jamg‘armasi, hamda O‘zbekistonning Tokiodagi elchixonasining hamkorligi va ko‘magida amalga oshirilgani alohida tahsinga sazovor.

O‘zbekiston va Yaponiya fotografiya san’atining o‘zaro bog‘liqligi shundaki, Yaponiyada dunyodagi eng yirik Tokio Metropoliten fotografiya muzeyi bor. Ana shu muzey ilmiy faoliyatida fotografiyani 200 yilda bosib o‘tgan tarixida eng mashhur 5 nuqtasini belgilab chiqqan. Shundan bittasi O‘zbekiston bo‘lib, fotografiya tarixida eng ko‘p fotolarda aks etgan, ilk fotograflari paydo bo‘lgan, xalqi eng ko‘p fotografiya bilan shug‘ullangan, eng ko‘p fotoapparat olib ishlatgan, eng ko‘p fotoatele, fotostudiya va fototo‘garaklari bo‘lgan, fotografiya bo‘yicha eng ko‘p darslik, kitob, albomlar chop etgan kabi mezonlar asosida belgilangan ekan. E’tiborga molik jihati shundaki, Tokio Metropoliten fotografiya muzeyi tomonidan butun O‘rta Osiyo mintaqasidagi eng fotografiya rivoj topgan davlat sifatida qayd etgan ekan.
Bir so‘z bilan aytganda, “The Month of Photography Tokyo” festivali yangilanayotgan O‘zbekiston fotografiya san’atining tarixi, o‘ziga xos taraqqiyot bosqichlari, an’analarini, bugungi ijodiy jarayonlarni namoyish etishda alohida ahamiyatga ega.
O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova yozib oldi.