O‘zbek folklorshunosligiga oid yangi kitob
Filologiya fanlari doktori, professor Mamatqul Jo‘rayev muallifligida "O‘zbek folklorshunosligi" kitobi nashrdan chiqdi.
Kitob folklorshunoslar, etnograflar, filolog-talabalar hamda xalqimizning milliy qadriyatlari bilan qiziquvchi kitobxonlarga mo‘ljallangan. Ta’kidlash kerakki, xalqimiz ko‘p asrlar mobaynida yaratilib, sayqallanib kelgan g‘oyat benazir folklor merosga ega. Ana shu bebaho durdonalarni yozib olish, ilmiy o‘rganish, nashrga tayyorlash, chop ettirish igna bilan quduq qazishdek murakkab, mashaqqatli jarayon.
Xalq ijodiyotini ilmiy o‘rganish borasida samarali mehnat qilgan zahmatkash olimlar va fidoyi folklor to‘plovchilarning faoliyati haqida keng ko‘lamli ma’lumot beruvchi ushbu kitob - ilmiy-bibliografik tadqiqot o‘zbek folklorshunosligi fanining o‘ziga xos ko‘zgusidir. Tadiqiqotda o‘tgan asrning 20-yillaridan boshlab 2020 yilga qadar o‘zbek folklorshunosligi sohasida chop etilgan asarlar batafsil tahlil etilgan. Bu kitobni o‘qish jarayonida o‘zbek folklorshunosligining shakllanishi hamda turli davrlardagi tarixiy taraqqiyotiga doir qiziqarli ma’lumotlar bilan tanishish mumkin.
Ushbu bibliografik ma’lumotnoma o‘zbek folklorshunosligining fan sifatidagi shakllanish jarayoni va tadrijiy rivoji haqida kitobxonlarning bilimlarini boyitishga xizmat qiladi.
N.Usmonova, O‘zA