O‘zbek adibining yana bir yutug‘i
Taniqli adib Qo‘chqor Norqobil Rossiyadagi Fanlar va san’at Xalqaro akademiyasiga qabul qilindi. Shuningdek, mazkur akademiya tavsiyasiga binoan adibning “Oftob og‘ushida qolgan muhabbat” hikoyasi Moskvada chop etilgan “So‘z kuchi” deb nomlangan to‘plamga kiritildi. Ushbu to‘plamdan MDHga a’zo davlatlarning taniqli zamonaviy adiblari asarlari joy olgan.
Aytish kerakki, Qo‘chqor Norqobil 1968 yil 5 mart kuni Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanidagi Mo‘minko‘l qishlog‘ida tug‘ilgan. 2001 yili “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” unvoniga sazovor bo‘lgan. ToshDUning – hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan.



Ijodkorning “Daryo ortidagi yig‘i” (1994), “O‘n sakkizga kirmagan men bor” (2002), “Kulib tur, azizim” (2005), “Quyoshni kim uyg‘otadi?” singari nasriy hamda “Xosiyatli dunyo” (1992), “Kaftimdagi qizg‘aldoq” (1993) she’riy to‘plamlari nashr etilgan.
Qo‘chqor Norqobil Pushkin, Lermontov, Yesenin, Yevtushenko kabi shoirlarning nasriy asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
O‘zA