“O‘zarxiv” agentligining bir yillik faoliyati tahlili
Milliy matbuot markazida “O‘zarxiv” agentligi tomonidan joriy yil agentlik tizimida amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Ma’lum qilinishicha, 2021 yilda agentlik tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlarning umumiy hajmi 26,8 milliardni tashkil etgan. Shuningdek, agentlikka joriy yil davomida jismoniy va yuridik shaxslardan jami 830 ta, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi orqali 690 ta, “ishonch” telefoni orqali 8 ta, yozma tarzda 132 ta murojaatlar kelib tushdi.
Respublika davlat arxivlariga esa jami jismoniy va yuridik shaxslardan 4 ming 128 ta murojaatlar kelib tushdi. Mazkur murojaat o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqildi.
Shuningdek joriy yil davomida davlat arxivlarga 129 ming 409 ta mavzuli, 633 ming 293 ta ijtimoiy-huquqiy mazmundagi so‘rovlar kelib tushgan. Shundan 72 foiz ijtimoiy-huquqiy mazmundagi so‘rovlar Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali kelib tushgan.

Arxiv hujjatlari asosida ko‘rib chiqilgan so‘rovlarning 94 foizi ijobiy hal etilgan. Qolaversa, tashkilot hujjatlari arxiv saqloviga kelib tushmagan va taaluqliligi bo‘yicha tegishli tashkilotlarga yuborilgan so‘rovlar 29,5 foizni tashkil etgan.
“O‘zarxiv” agentligi va hududiy boshqarmalar tomonidan tashkilotlar hamda korxonalarda arxiv ishi va ish yuritish holati ustidan davlat nazoratini amalga oshirish bo‘yicha 2021 yil davomida 168 ta tashkilot va korxonalarda nazorat tekshiruvlari o‘tkazilib, tekshiruv natijasida tashkilot va korxonalarga 45 ta taqdimnomalar kiritilgan hamda 3 ta ma’muriy bayonnomalar tuzilgan.
My.mehnat.uz tizimi bilan “Arxiv ishi” yagona axborot tizimi integratsiya qilinib, Ish stajini tasdiqlash xizmati ishga tushirildi. “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashgan platformasiga my.archive.uz “O‘zarxiv” agentligi elektron davlat xizmatlari portali muvaffaqiyatli ulandi.
Joriy yil 9 iyun “Xalqaro axivlar kuni” arafasida Buxoro viloyati Kogon shahar davlat arxivi hamda Navoiy viloyati Navoiy shahar shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivi va Konimex tumani davlat arxivi, 25 dekabr kuni Sirdaryo viloyati Yangiyor tuman davlat arxivi yangi arxiv binolari foydalanishga topshirildi.
Sirdaryo viloyati va Jizzax viloyati G‘allaorol tuman davlat arxivlari yangi binolari qurilish ishlari yakuniga yetkazilib, foydalanishga topshirish arafasida.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarining elektron shaklini yaratish ishlari jadallashtirilib, 209 ming saqlov birligida qog‘oz asosidagi 13,7 million kadr (rejaga nisbatan 114 %) elektron nusxalari yaratildi, alohida qimmatli hujjatlarni elektron shaklga o‘tkazish ko‘rsatkichi 37,7 foizga yetkazildi.
Agentlik huzuridagi Arxiv ishi va ish yuritish bo‘yicha malaka oshirish ilmiy-metodik markazida jami 1 ming 28 nafar tinglovchilar malaka oshirdi.
Matbuot anjumanida yaroqsiz holatga kelgan yoki yo‘qotilgan mehnat daftarchasidagi yozuvlarni tasdiqlash va “Mavzuli so‘rovlarni ijro etish” davlat xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha elektron xizmatlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) ishga tushgani hamda sud qarorlari bo‘yicha davlat arxivlaridan ma’lumotnomalarni olish yuzasidan E-XSUD tizimlari bilan integratsiyalashuvi orqali yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.
Shuningdek, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda “Yagona billing” tizimi integratsiya qilindi hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladigan pullik xizmatlar bo‘yicha onlayn to‘lov tizimlari joriy etildi.
O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi tizimidagi barcha davlat arxivlar internet tarmog‘iga ulangan bo‘lib, shundan 68 foizi optik tolali internet tarmog‘i bilan ta’minlandi.
Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH) ishtirokchi davlatlari arxiv xizmatlari rahbarlarining Maslahat kengashiga MDH Iqtisodiy kengashining 2004 yil 3 dekabrdagi qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi 2021 yil 24 fevraldan rasman a’zosi bo‘lib qo‘shildi.
“Arxiv ishi” yagona axborot tizimi bugungi kunda takomillashtirilib davlat arxivlari saqlanayotgan shaxsiy tarkibga oid fondlarni qamrab olgan 80 mingdan ziyod ma’lumotlar bazalari shakllantirildi va doimiy elektron baza ma’lumotlari yangilanib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan “Yangi O‘zbekiston arxivlari” hujjatli filmi tasvirga olingani qayd etildi. Shuningdek, “O‘zarxiv” agentligi tomonidan “O‘zbekiston arxivlari” axborot kitob-albomi chop etilib, “Mustaqillik 30” veb-sayti ishga tushirilgani ma’lum qilindi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA