O‘zaro ishonch va yuksak ehtiromga asoslangan hamkorlik
Xalqaro minbar
Ozarbayjon Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikka alohida ahamiyat berib, mavjud munosabatlarni yuksak qadrlaydi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda mazkur mintaqa va umuman turkiy davlatlar bilan o‘zaro tashriflar soni keskin oshdi. Bularning bari mushtarak qadriyatlarimizni yangi shaklda rivojlantirish, davlatlararo munosabatlarni yanada yuksaltirishga xizmat qiluvchi omillardir.
Jumladan, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi azaliy do‘stona munosabat bugungi kunda, deyarli, barcha sohalarda izchil rivojlanmoqda.
O‘zbekiston Qorabog‘ nizosini hal qilishda Ozarbayjonning haqli pozitsiyasini doimo qo‘llab-quvvatlashini namoyish etib kelgan, ziddiyatni tinch yo‘l bilan hal etish, BMT Xavfsizlik Kengashi tegishli rezolyutsiyalari hamda YeXHT qarorlari ijrosini qat’iy ma’qullagan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonni Qorabog‘ qaytarilishi va tarixiy adolat tiklangani bilan tabriklab, Fuzuliy shahrida O‘zbekiston mablag‘i hisobidan yirik maktab qurilishini ma’lum qilgan edi. O‘tgan yil 23 avgust kuni ikki davlat rahbarlari Fuzuliy shahrida barpo etilgan Mirzo Ulug‘bek nomli 1-umumta’lim maktabining ochilish marosimida ishtirok etdi. Binobarin, Prezidentlarimiz o‘rtasida qaror topgan samimiy va do‘stona shaxsiy munosabat tufayli Ozarbayjon – O‘zbekiston hamkorligi bugungi kunda misli ko‘rilmagan darajada yuqori darajaga ko‘tarildi.
Muhim transport-logistika yo‘nalishlarida joylashgan Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘zaro yuk tashish hajmini tobora oshirmoqda. Joriy yil 21 may kuni Guba shahrida tashkil etilgan II Ozarbayjon – O‘zbekiston mintaqalararo forumida mamlakatlarimiz iqtisodiy salohiyati, sheriklikni yanada rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilinib, ko‘plab ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.
O‘zaro munosabatda savdo-iqtisodiy hamkorlik muhim o‘rin tutadi. Ustav kapitali 500 million dollar bo‘lgan “Ozarbayjon – O‘zbekiston” investitsiya kompaniyasi faoliyati ikki qardosh o‘lkada, qolaversa uchinchi mamlakatlarda investitsiya loyihalari amalga oshirishga qaratilgan.
Shuningdek, energetika, qishloq xo‘jaligi, turizm, kichik va o‘rta biznes, sog‘liqni saqlash, yuk tashish kabi yo‘nalishlar keng qamrov kasb etgan.
Ikki yurtda o‘tkazilayotgan madaniyat kunlari azaliy do‘st xalqlarimizni yanada jipslashtirmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Shusha shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti norasmiy sammitidagi ishtiroki o‘zaro munosabatni rivojlantirishga beqiyos hissa qo‘shdi. Shu nuqtai nazardan Prezident Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga navbatdagi davlat tashrifi ham mavjud aloqalar ko‘lamini kengaytirishda muhim omil bo‘lishi shubhasiz.
Elmir Saftarov,
jurnalist (Ozarbayjon),
O‘zA