O‘zaro hamkorlik samaradorlikni oshiradi
Buxoroda ijtimoiy ahamiyatga molik masalalarni hal qilishda fuqarolik jamiyati institutlari va davlat tashkilotlari hamkorligi masalasiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi viloyat hududiy bo‘linmasi, viloyat hokimligi, adliya boshqarmasi, Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda siyosiy partiyalarning viloyat Kengashi rahbarlari, deputatlar va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Davra suhbatida asosiy e’tibor mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar samaradorligini yanada oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlari, deputatlar va davlat idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratildi. Ijtimoiy sheriklik prinsiplari va jamoatchilik nazoratining bugungi kunda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining samaradorligini ta’minlashda muhim o‘rin tutishi e’tirof etildi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan, ochiq-oshkora va shaffoflikka asoslangan islohotlar natijasida jamoatchilik nazoratining ta’sir doirasi sezilarli darajada ortdi. Jumladan, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi, eng avvalo, umumxalq muhokamasiga havola etilayotgani, jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazilayotgani jamiyatda qarorlar qabul qilishda aholi manfaatlari hisobga olinishiga xizmat qilmoqda. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda davlat organlari va ularning rahbar-mutasaddilari ishiga aholi tomonidan bildirilayotgan munosabatlar natijasida ayrim masalalar va muammolarga chek qo‘yilmoqda.
Davra suhbatida soha mutaxassislari va ekspertlar ijtimoiy sheriklikning huquqiy asoslari, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda NNTning o‘rni va jamoatchilik eshituvlarining ahamiyati, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda siyosiy partiyalar deputatlik guruhlarining faolligini oshirish masalalariga alohida to‘xtaldi.
Shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari va Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari, deputatlar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, davlat idoralari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish, bunda qonun ustuvorligini ta’minlash masalalari bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.
[gallery-13596]
Yig‘ilganlarga Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazining maqsadi va vazifalari, faoliyatining asosiy yo‘nalishlari borasida axborot berildi. Kelgusi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
– So‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat organlari faoliyatida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash, ularning aholiga hisobdorligini kuchaytirish, fuqarolik jamiyati institutlarini yanada rivojlantirish, ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratini takomillashtirish borasida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda, – deydi Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi viloyat hududiy bo‘linmasi boshlig‘i Jamshid Jo‘rayev. – Joylarda ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni monitoring qilish va prognozlash, axborot makonining g‘oyaviy mazmunini tizimli tahlil qilish, hududlar va mamlakat darajasida ma’naviy-ma’rifiy muhitni sog‘lomlashtirish, milliy birdamlik va konfessiyalararo totuvlikni ta’minlashga qaratilgan choralarni ishlab chiqish maqsadida Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazining hududiy bo‘linmasi o‘z faoliyatini boshladi. Ayni paytda markazning Buxoro viloyati hududiy bo‘linmasi tomonidan mazkur davra suhbati tashkil etildi.
Tadbir yakunida davlat organlari faoliyati ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazoratini olib borish, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Davra suhbati qizg‘in muhokamalar va savol-javoblarga boy bo‘ldi. Unda jurnalistlar qiziqtirgan savollariga batafsil javob oldi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA