O‘zaro hamkorlik aloqalari kengaymoqda
“Navoiyuran” davlat korxonasi Bosh direktorining birinchi o‘rinbosari – bosh muhandis Valijon Nazarov boshchiligidagi Ishchi guruh Fransiya va Niger Respublikasida bo‘ldi.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad “Orano Mining” kompaniyasi tomonidan uran ishlab chiqarish bo‘yicha amaliyotga joriy etilgan usullar, konlar faoliyati va u yerda yaratilgan shart-sharoitlarni joyiga borgan holda o‘rganish, o‘zaro muloqot qilish va tajriba almashishdan iborat.

“Orano Mining” kompaniyasi “Navoiyuran” davlat korxonasining doimiy hamkori bo‘lib, kompaniya vakillari bir necha bor korxonaga tashrif buyurgan. “Navoiyuran” delegatsiyasi ham kompaniyaning Qozog‘istondagi vakolatxonasida o‘zaro muloqotlarda ishtirok etishgan edi.

Korxona Axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Ishchi guruhi dastlab “Orano Mining” kompaniyasining Parij shahridagi bosh ofisida G‘arbiy Afrikaning Niger Respublikasida joylashgan “Imouraren” istiqbolli uran konining tarixi va umumiy geologiya ma’lumotlari bilan tanishdi va aniqlangan istiqbolli konlarni birgalikda o‘zlashtirish yuzasidan o‘zaro fikrlashdi. Shu bilan birga “Orano Mining” kompaniyasining yangi tayinlangan Bosh ijrochi direktori Xaver Sent Martin Tillet bilan ham uchrashuv o‘tkazildi.

Delegatsiya a’zolari Niger Respublikasining poytaxti Niamey shahrida bo‘lib, “Orano Mining” kompaniyasining bu yerdagi loyihalari bo‘yicha bosh direktori Mate Davrinsh bilan uchrashdi. Bu yerda “Orano Mining” kompaniyasi tomonidan Niger Respublikasida amalga oshirilayotgan va rejalashtirilayotgan istiqbolli loyihalar bo‘yicha ma’lumot berildi.

Shuningdek, xizmat safari davomida vakillarimiz Niamey shahridan 1000 km uzoqlikda joylashgan Arlit shahri yaqinidagi “Somair” va “Cominak” konlarida bo‘ldi.

Ular “Somair” ochiq tarzda qazib olinadigan uran koni karerlarida olib borilayotgan tog‘-kon ishlari, uranni uyumlab va ishqorlab eritish usullarida ishlaydigan zavod faoliyati, texnik va texnologik jarayonlar bilan tanishdi.
Tashrif rejasiga asosan “Orano Mining” kompaniyasining mahalliy mutaxassislari tomonidan uranni uyumlab va ishqorlab qazib olish texnologiyalari haqida batafsil ma’lumot berildi. Bu borada o‘zaro fikr va tajriba almashildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA