Ozarbayjonning Sheki shahrida ayiq paydo boʻldi
Rossiya koʻchalarida ayiqlar kezib yurishi dunyo xalqlari, ayniqsa gʻarbliklar tasavvurida tabiiy holdek qabul qilinishi mumkin.
Rossiya koʻchalarida ayiqlar kezib yurishi dunyo xalqlari, ayniqsa gʻarbliklar tasavvurida tabiiy holdek qabul qilinishi mumkin. Binobarin, Ozarbayjonda shunga oʻxshash ahvol yuzaga kelishini kim ham oʻylabdi, deysiz?!
Ha, ishonavering. Shu kunlarda ushbu Kavkaz davlatining Sheki shahri qoq markazida bir maymoq sayr qilib yurganiga koʻpchilik guvoh boʻldi. Voqea aks etgan video lavha ijtimoiy tarmoq orqali paydo boʻlgach, endi yaxshisi, uyda oʻtirgan maʼqulligini odamlarga eslatib oʻtirish ham ortiqchadek.
Toʻgʻri, ayiqpolvon Sheki koʻchalarini oʻzi uchun ham boshqalar uchun ham qulayroq vaqtda, yaʼni tonggi 4 lar atrofida aylanibdi. Zero, bu paytda tashqarida odam juda kam boʻlganini tushunish qiyin emas.
Qisqasi, voqea joyiga darhol Bokudan mutaxassislar yetib kelishgan. Shu oʻrinda, OAVda sayrga chiqqan meshpolvonni ushlash, hatto mutaxassislar uchun ham oson kechmaganini taʼkidlangan. Uyqu dorining taʼsiri boʻlmagach, koʻpchilik boʻlib jonivorni qoʻl kuchi yordamida bir amallab yuk mashinasiga ortishgan.
Hozir Oltiogʻochdagi Yovvoyi hayvonlarni davolash va reabilitatsiya qilish markaziga keltirilgan ayiqning ahvoli yaxshi. Ayni payt jonivorni oʻrmonga qaytarish choralari koʻrilmoqda. Fuqarolar esa yana bir bor ogohlikka chaqirildi.