Ozarbayjonlik shifokorlar Sirdaryoda
O‘zbekiston – Ozarbayjon sog‘liqni saqlash dekadasi (o‘n kunligi) doirasida ozarbayjonlik bir guruh malakali mutaxassislar Sirdaryoga tashrif buyurdi. Mehmonlar viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi filiali hamda bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida bo‘lishib, sirdaryolik soha xodimlari bilan o‘zaro bilim va tajriba almashdi.
Shu bilan birga mazkur muassasalarda ozarbayjonlik va sirdaryolik soha xodimlari tomonidan tibbiy ko‘rik ham tashkil etilib, sog‘liq bilan bog‘liq muammosi bor bemorlarning salomatlik ko‘rsatkichlari o‘rganilib, yuqori texnologiyalarga asoslangan murakkab amaliyotlar ham o‘tkazildi.

– O‘zbekiston tibbiyotida ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlar bizda katta taassurot qoldirdi, – deydi Ozarbayjon meditsina universiteti bolalar xirurgiyasi kafedrasi mudiri, professor Ramiz Toluxov. – Sirdaryoga tashrifimizdan oldin Samarqand va Jizzaxda bo‘lib, dekada doirasida tibbiy ko‘rik va yuqori texnologiyaga asoslangan jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan bo‘lsak, bugun Sirdaryoda viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida 30 dan ziyod bemor bolaning salomatligi bilan bog‘liq muammolarini o‘rganib, tavsiya va maslahat berdik. Asosiysi, biz bu yerda o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan o‘zaro bilim va tajriba almashyapmiz.


– Tashrifimizning ilk kunida sirdaryolik oftalmologlar hamrohligida ko‘z sohasida muammosi bor bemorlar uchun tibbiy ko‘rik o‘tkazdik, – deydi Ozarbayjon Respublikasidagi Akademik Zarifa Aliyeva nomidagi Oftalmologiya milliy markazi glaukoma bo‘limi boshlig‘i Magerram Pirmetov. – O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, qaysi bemorga konservativ, qaysi bemorga esa operativ davo muolajalari zarurligini muhokama qildik. Shu bilan birga 10 dan ziyod yuqori texnologiyali, mikrojarrohlik amaliyotini o‘tkazdik.



Sirdaryoda tashkil etilgan hamkorlik uchrashuvi ikki qardosh mamlakat tibbiyot xodimlari uchun nihoyatda foydali bo‘lib qolmay, ular o‘rtasida do‘stona munosabatlarning yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri