Ozarbayjonlik san’atkorlarning Navro‘z tuhfasi
Maqom o‘zining ilohiy qudrati, mo‘’jizakorligi, jonli va haqqoniyligi bilan musiqa san’atining chin ixlosmandlari qalbidan chuqur o‘rin egallagan.
Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti, O‘zbekiston Respublikasidagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi hamda O‘zbek milliy maqom markazi hamkorligida poytaxtimiz san’at ixlosmandlari uchun betakror musiqiy dastur hadya etildi.
Dastur davomida ozarbayjonlik nomdor mug‘om san’ati namoyandalari va ijrochilari Sohib Poshozoda, Zobit Nabizoda va Hayyom Mamedov ishtirokidagi musiqiy dastur tomoshabinlarga namoyish etildi. Ayni paytda san’at yo‘nalishida tahsil olayotgan yoshlar uchun ijodiy mahorat darslari o‘tkazildi.
Ma’lumki, Ozarbayjon mug‘omlari milliy cholg‘ularning zarbli ijrochiligi hamda improvizatsiyaga asoslanadi. Bu ijro goh xazin, gohi ohangdor, go‘zal navolarga yo‘g‘rilgani bilan diqqatga sazovordir.
[gallery-22347]
Poytaxtimizdagi san’at yo‘nalishdagi ta’lim maskanlarida, madaniyat markazlarida bo‘lib o‘tgan musiqiy uchrashuvlarda Ozarbayjonning betakror musiqa san’ati, uning milliy san’atimiz bilan uyg‘un jihatlari xususida atroflicha so‘z yuritildi.
Sohib Poshozoda xalqaro miqyosda tanilgan san’atkor sanaladi. Ozarbayjon milliy musiqalarini tor cholg‘usi orqali jahonga tanitayotgan Sohib Poshozoda bir qator xalqaro festivallar, ko‘rik-tanlovlarda oliy mukofotga sazovor bo‘lgan. U 2024 yilda Zominda bo‘lib o‘tgan II Xalqaro maqom festivalida faxriy mehmon, Samarqandda o‘tkazilgan “Sharq taronalari” xalqaro XIII musiqa festivalida hakamlar hay’ati raisi bo‘lib faoliyat ko‘rsatgan.
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining professori sanalgan Sohib Poshozoda bugungi kunda Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida maqom san’ati tadqiqotiga oid doktorlik ishini yoqlash bo‘yicha ham izlanishlar olib bormoqda.
– Xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari azaldan mustahkamdir, – dedi Sohib Poshozoda. – Mamlakatlarimiz Prezidentlarining o‘zaro kelishuvlari jarayonida bu do‘stlik va qardoshlik, hamkorlik aloqalari yanada ravnaq topib, yangicha taraqqiyot bosqichiga chiqdi. O‘zbekistondagi musiqiy uchrashuvlar, konsertlar juda baland ruhda bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuvlarga talaba-yoshlar tobora ko‘proq qatnashgani ularning san’atga bo‘lgan qiziqishi va ixlosini anglatadi.
Aytish kerakki, Zobit Nabizoda va Hayyom Mamedov ham qardosh yurtda nomdor san’atkorlar sirasiga kiradi. Ozarbayjon xalq artisti Zobit Nabizoda Ozarbayjondagi Milliy konservatoriyada mug‘om bo‘limida ushbu ko‘hna san’at bo‘yicha talabalarga saboq berishi bilan birga ko‘plab xalqaro musiqiy safarlarda o‘z san’atini namoyish etgan. O‘z navbatida, Hayyom Mamedov ham yetakchi va mahoratli sozandalardan sanaladi.
Tadbirda milliy musiqa san’atimiz sohasidagi hamkorlikni tobora mustahkamlash xususida batafsil so‘z yuritildi. Bu kabi musiqiy loyihalar san’at sarhad va chegara bilmas ulkan kuch-qudratga ega ekanini yana bir bor namoyon etadi.
Nazokat Usmonova, Alimurod Mamadaminov (surat), O‘zA