Ozarbayjonda o‘zbek taomlari haftaligi
O‘zbek madaniyati, milliy urf-odatlari, an’analari, milliy libos va taomlarining o‘ziga xosligi dunyo xalqlarining e’tiborini o‘ziga tortib, qiziqishlarini oshirishi sir emas.
Ayniqsa, o‘zbek milliy taomlari nafaqat millatimizning, balki ko‘plab dunyo xalqlarining ham sevimli taomlaridan bo‘lib, ularning retsepti, tayyorlanishiga qiziquvchilar talay. Xorij davlatlarida o‘zbek tamaddixonalari soni ortib borayotgani, mashhurlikka erishayotgani fikrimiz isbotidir.
Mamlakatimizning Ozarbayjondagi elchixonasida O‘zbekiston davlat mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan «Facebook» ijtimoiy tarmog‘ida o‘tkazilgan O‘zbek taomlari haftaligining g‘olib va sovrindorlari taqdirlandi. Onlayn-tanlovda 60 dan ortiq kishi ishtirok etdi. Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistoning boy tarixi, madaniyati, an’analari, o‘zbek xalqi hayoti va urf-odatlari, milliy tamomlarimizning o‘ziga xos xususiyatlari haqidagi 600 ga yaqin material e’lon qilindi. Xususan, somsa, to‘y oshi, chalop, lag‘mon, sho‘rva, holvaytar, manti, gul-xonim va boshqa milliy taomlar haqida ko‘plab izoh va fotosuratlar joylashtirildi.
Tanlov natijalariga ko‘ra, 25 nafar faol ishtirokchi saralanib, tadbirga taklif etildi. Yakunda o‘zi tayyorlagan rang-barang o‘zbek taomlari haqidagi ko‘plab foto va videoroliklarni e’lon qilgan o‘zbek oshxonasining uch nafar muxlisidan iborat guruh g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. G‘oliblarni taqdirlash marosimi doirasida haftalik ishtirokchilari tomonidan tayyorlangan taomlarni o‘z ichiga olgan ko‘rgazma tashkil etildi.
Shuningdek, tadbir doirasida O‘zbekistonning qadimiy, o‘ziga xos va boy madaniyati, sayyohlik salohiyati va noyob durdonalari ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Ko‘rgazmada «Hunarmand» uyushmasiga a’zo o‘zbek hunarmandlari tomonidan tayyorlangan kulolchilik buyumlari, kashtachilik va boshqa mahsulotlar namoyish etildi.
O‘zbek oshxonasining muxlislari o‘rtasida yaxshi an’anaga aylangan ushbu pazandalik tanlovi, uning doirasida e’lon qilingan ajoyib nashrlar soni o‘zbek madaniyati Ozarbayjon jamiyatida keng ommalashganini yana bir bor tasdiqladi. Ta’kidlash joizki, milliy an’analar, diniy-ma’rifiy qadriyatlar, til va madaniyat mushtarakligiga asoslangan o‘zbek va ozar xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik qardoshlik aloqalari bu kabi tadbirlar asosida yanada mustahkamlanib boradi.
Muhtarama Komilova, O‘zA