Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar mintaqaviy strategik manfaatlar mushtarakligiga asoslanadi
Prezident Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida Toshkentda matbuot uchun bergan bayonoti ikki qardosh mamlakat o‘rtasidagi munosabatning bugungi holati va rivojlanish istiqboli keng manzarasini chizib berdi. Davlat rahbarining fikrlari nafaqat O‘zbekistonning so‘nggi yillarda erishgan ijtimoiy-iqtisodiy yutuqlariga berilgan baho, balki Ozarbayjon - O‘zbekiston munosabatlari qanday taraqqiyot muhitida yangi bosqichga qadam qo‘yayotganini ko‘rsatuvchi muhim siyosiy xabar hamdir.
Bu haqda Milliy Majlis deputati Shahin Sayidzoda Ozarbayjonning AzerTAJ Davlat axborot agentligiga izoh bergan.
Uning ta’kidlashicha, tashrif Ozarbayjon va O‘zbekiston munosabati an’anaviy ikki tomonlama aloqalar doirasidan chiqib, keng mintaqaviy jarayonlarning muhim tarkibiy qismiga aylanganini yana bir bor namoyish etdi. Davlat rahbarlari uchrashuvi, Oliy davlatlararo kengashning 3-yig‘ilishi, imzolangan hujjatlar, iqtisodiy va gumanitar loyihalar ochilishi va poydevor qo‘yish marosimlari mavjud munosabat allaqachon an’anaviy diplomatiya shaklidan chiqib ketganini ta’kidlagan Sayidzoda shunday qo‘shimcha qilgan:
-Bu munosabatlar siyosiy ishonch, iqtisodiy jihatdan bir-birini to‘ldirish, ma’naviy yaqinlik, gumanitar hamkorlik va mintaqaviy strategik manfaatlar mushtarakligiga asoslanadi. Bugungi kunda mamlakatlarimiz o‘zaro ishonchni aniq loyihalarga, siyosiy irodani iqtisodiy natijaga, tarixiy qardoshlikni esa zamonaviy strategik sheriklikka aylantirayotgan namunali munosabat modelini namoyish etmoqda.
Galdagi muhim masala erishilgan kelishuvlarni keyingi bosqichda izchil va samarali amalga oshirishdan iborat. Tashrif davomida qabul qilingan "Yo‘l xaritasi," tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish maqsadi, hududlararo aloqalar va yangi qo‘shma loyihalar bunga mustahkam zamin yaratmoqda. Ozarbayjon va O‘zbekiston yaqin yillarda yanada yaqin iqtisodiy integratsiya, keng transport hamkorligi, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish va gumanitar aloqalarni rivojlantirishda salmoqli natijalarga erishishi uchun barcha asoslar mavjud.
Bir so‘z bilan aytganda, hamkorlikda hikmat ko‘p.
Abdug‘afur Mamatov, O‘zA