Ozarbayjon OzarbayjonOzarbayjonBokuda O‘zbekiston milliy bayrami munosabati bilan rasmiy qabul uyushtirildi
5 sentabr kuni Ozarbayjondagi O‘zbekiston elchixonasi mamlakatimiz milliy bayrami – davlat mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan rasmiy qabul tashkillashtirdi.
5 sentabr kuni Ozarbayjondagi O‘zbekiston elchixonasi mamlakatimiz milliy bayrami – davlat mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan rasmiy qabul tashkillashtirdi.
Marosimda Ozarbayjon Respublikasi bosh vaziri Novruz Mamedov ishtirok etdi. Tadbir ikki mamlakat davlat gimnlarining ijrosi bilan boshlandi.
Elchi Sherzod Fayziev mamlakat mustaqilligi tarixi haqida so‘zladi. U tarixan qisqa davrda O‘zbekiston dunyoda munosib o‘rin egallaganini qayd etdi. Hozirgi vaqtda mamlakat taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Tadbirkorlik va xususiy mulk rivoji uchun kerakli sharoitlar yaratildi. Shuning uchun mamlakatga mablag‘ yotqizayotgan xorijiy sarmoyadorlar soni ortmoqda.
Diplomatning qayd etishicha, O‘zbekistonning qardosh Ozarbayjon bilan aloqalari mustahkam. Bu aloqalar iqtisodiyotning turli tarmoqlari, xususan, savdo, transport va boshqalarni qamrab olgan.
Rasmiy marosimda ishtirok etgan bosh vazir Novruz Mamedov Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti va hukumati nomidan qardosh o‘zbek xalqini O‘zbekiston Respublikasi milliy bayrami – davlat mustaqilligining 28 yilligi bilan qutladi, osoyishtalik va farovonlik tiladi.
Bosh vazir mamlakatlarni umumiy ildizlar, do‘stlik va qardoshlikning mustahkam tarixiy torlari birlashtirib turishini aytdi. Bu aloqalar hamkorlikni yanada kengaytirish rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratadi. Mustaqillik tiklanganidan keyin mamlakatlarimiz munosabatlari yanada chuqurlashib, strategik sheriklik darajasigacha ko‘tarildi.
“Qardosh O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘zgarishlar, iqtisodiy sohada erishilgan muvaffaqiyatlar, kundan-kunga oshib borayotgan xalqaro nufuzi bizni quvontiradi”, - deydi Bosh vazir Mamedov.
Davlat rahbarlarining aloqalarni mustahkamlashdagi alohida rolini qayd etgan bosh vazir, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliev o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar bundan keyin ham barcha sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirishga hissa qo‘shishiga umid bildirdi.
“Alohida qayd etishni istardimki, biz O‘zbekistonning arman-ozarbayjon o‘rtasidagi Tog‘li Qorabog‘ mojarosini xalqaro huquqning me’yorlari asosida, suverenitet, hududiy yaxlitlik, davlat chegaralari daxlsizligi prinsiplari asosida barqarorlashtirishdagi adolatli pozitsiyasini yuqori baholaymiz”, - deydi bosh vazir.
Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi qo‘shma hukumatlararo komissiyaning mamlakatlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishdagi muhim rolini qayd etar ekan, Novruz Mamedov Ozarbayjonni manfaatli mintaqaviy tranzit markaziga aylantirgan yirik miqyosli infratuzilmaviy loyihalar, shu jumladan, Boku-Tbilisi-Kars temir yo‘lidan kelajakda O‘zbekistonning foydalanishi mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga turtki berishini alohida urg‘uladi.
“Ozarbayjon va O‘zbekistonning tarixiy va madaniy aloqalari asrlar qa’riga borib taqaladi. Ozarbayjonlik shoir Nizomi Ganjaviydan ilhom olib yana bir “Xamsa”ni yaratgan Alisher Navoiy merosi bizning xalqlarimiz uchun qimmatbaho ma’naviy va ruhiy durdona sanaladi. Uning ijodi Ozarbayjon adabiyoti bilan chambarchas bog‘liq. Boku markazida buyuk mutafakkirga o‘rnatilgan yodgorlik asrlar mobaynida tinchlik va birdamlik sharoitida yashab kelgan o‘zbek va ozarbayjon xalqlari o‘rtasidagi munosabatlar ruhini aks ettiradi.
Abduvali SOYIBNAZAROV.