Ozar yozuvchisining asari “Layli va Majnun” o‘zbek tilida
Taqdimot
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida ozarbayjonlik taniqli yozuvchi Vohid Memmedlining “Layli va Majnun” kitobining o‘zbekcha nashri taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘z olgan universitet birinchi prorektori, tarix fanlari nomzodi Vahobjon Rajapov O‘zbekiston va Ozarbayjon davlatlari o‘rtasidagi iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy sohalardagi hamkorlik aloqalari so‘nggi yillarda tobora mustahkamlanib borayotganligini ta’kidladi.

Ozarbayjon adibi Vohid Memmedlining qalamiga mansub “Layli va Majnun” asari namanganlik mohir tarjimon va shoira, jurnalist, “Do‘stlik” ordeni sohibasi Dilbar Haydarova tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan. Bu kitob uning yettinchi tarjima kitobi bo‘lib, bundan avval “Ozarbayjon she’riyati” antologiyasida 120 shoirning tarjimalari chop etilib, Boku shahrida taqdimoti o‘tkazilgan edi.
Qardosh ijodkorning chin muhabbat, sadoqat tuyg‘ulariga yo‘g‘rilgan asarining adabiy hayotdagi ahamiyati borasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, shoir Minhojiddin Mirzo, Namangan viloyati “Axsikent” arxeologiya parki direktori Anvar Ikromov o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Adabiy anjumanda qatnashgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari Hilola Yusupova va Dilnoza Azizova o‘zbek milliy adabiyoti rivoji hamda tarjimashunoslik taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan, Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston, Turkiya, Ozarbayjon kabi qardosh mamlakatlarda ham o‘z o‘quvchilariga ega bo‘lgan hassos shoira Dilbar Haydarova fenomeniga alohida to‘xtaldi.
“Sharq yulduzi” jurnali bosh muharriri, shoir Sirojiddin Rauf, professor Mahmudjon Yo‘ldoshev, manbashunos olima Dildora Hasanova, qirg‘izistonlik adib-tadqiqotchi Mahmudjon Qozoqboyev o‘zbek-ozar adabiy aloqalari tarixi va bugungi kundagi samaralariga hamohang ekanini qayd etdi.

Tadbirda ozarbayjonlik yozuvchi Vohid Memmedli ko‘rsatilgan g‘amxo‘rlik, e’tibor uchun tadbir tashkilotchilari hamda o‘zbekistonlik hamkasbiga minnatdorlik bildirdi. Oliygoh axborot resurs markaziga nashr etilgan kitobidan 150 adadi tuhfa qilindi. O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zosi, Ozarbayjon yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Dilbar Haydarova ozar adabiyotiga qiziqish Moskva adabiyot institutida o‘qigan paytidan boshlangani, tarjimalari yurtimizda chop etilgani, ayniqsa, Ozarbayjon xalq shoiri Baxtiyor Vahobzodaning “Bir olmaning ikki yuzi” she’ri O‘zbekiston Xalq artisti, hofiz Ortiq Otajonov tomonidan maromiga yetkazib ijro etilganligini mamnuniyat bilan aytdi.
Adabiy anjuman ishtirokchilari Toshkent davlat pedagogika universitetida tashkil etilgan Ozarbayjon xonasi bilan tanishdi. Mana shunday adabiy taqdimotlar Namanganda shu yilning may – iyun oylarida bo‘ladigan 64-xalqaro “Gullar festivali” doirasida va keyinchalik Ozarbayjonda ham bo‘lib o‘tadi.

O.Dadaboyev, O‘zA