O‘zA tanqididan so‘ng muammo hal bo‘ldi
Saytimizda “Sel oqibatida vayron bo‘lgan yo‘l, suvsiz qolgan aholi” sarlavhali tanqidiy maqola e’lon qilindi.
Maqolada Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani Toshbuloq qishlog‘ida kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida sel kelgani va uning yo‘liga qurilgan, ostiga to‘rtburchak beton quvur o‘rnatilgan yo‘l o‘pirilib ketgani, yo‘ldagi transport vositalari harakatini tiklash uchun yo‘lning yonidan o‘tgan kanalcha ko‘mib tashlangani, natijada aholi ichimlik va oqova suvsiz qolgani haqida yozilgan edi.
Aholi vakillarining ta’kidlashicha, kanalchaning ko‘milishi ortidan tomorqalar, aholi oqova va ichimlik suvisiz qolgan. Ushbu muammoni suv xo‘jaligi tashkiloti yo‘lchilar hal qilib berishini aytsa, yo‘lchilar aslida kanalcha hujjatsiz qurilganini ta’kidlab, kanalchaga metall quvur ko‘mib berishni ortga surib kelayotgan edi. Buni Toshbuloq MFY raisi Burhon Aliqulov ham tasdiqlagan.
Biz bu masala yuzasidan Shahrisabz tumani irrigatsiya bo‘limi boshlig‘i Dilshod Abdusamiyev bilan telefon orqali bog‘langan edik. Mas’ul yo‘lchilar majbur bo‘lib qatnovni o‘tkazish uchun kanalning o‘sha qismini ko‘mib yuborgani, yo‘l qurilish tashkiloti bilan kelishuv borligi, suvning yo‘lini ham, transport yo‘lini ham to‘g‘rilab berilishi, bir necha kun ichida bu muammo yechilishini va’da qilgan edi.
Yo‘limiz tushib yana o‘sha tomonga borar ekanmiz, maqolada keltirilgan manzilga kirdik. Mas’ul va’dasini bajaribdi. Ayni paytda Toshbuloq aholisi qaratilgan e’tibor va mas’ullarning va’dasida turganidan minnatdor.
[gallery-17789]
– Sel tomorqamizni ham yuvib ketgandi. Buning ustiga kanalchadan suv o‘tmay qolgan edi, – deydi Xayrullo bobo Po‘latov. – Ayniqsa, o‘sha kanalcha masalasi bizni ko‘p xavotirga soldi. Chunki Toshbuloqdan tashqari yana uchta pastki qishloqlar ham shu kanalchadan ichimlik va oqova suvi sifatida foydalanadi. Ommaviy axborot vositalarida ushbu muammo ko‘tarilgandan keyin mas’ullar tez fursatda e’tibor qaratib, texnikalari bilan kelishdi. Sement, qum va shag‘al olib kelindi. Aholi vakillari ham qarab turgani yo‘q. Katta hashar uyushtirdik va muammo bartaraf etildi. Shu ishga hissa qo‘shgan barchaga rahmat.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri