Oyparchin tadbirkor bo‘lmoqchi
Prezidentimiz rahnamoligida yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi, ayniqsa, yoshlar bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi, ayniqsa, yoshlar bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar samarasini Qoraqalpog‘iston Respublikasi misolida ham ko‘rish mumkin. O‘tgan o‘quv yilida Qoraqalpog‘iston Respublikasida kasb-hunar kollejlarini 96 yo‘nalish bo‘yicha tamomlagan 24 mingdan ziyod bitiruvchining 22 ming 310 dan ortig‘i ish bilan ta’minlandi. 100 ga yaqini oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirdi. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan 450 dan ziyod bitiruvchiga tijorat banklari tomonidan 3 milliard 550 million so‘mga yaqin imtiyozli kredit mablag‘i ajratildi.
– Joriy o‘quv yilida ham bitiruvchilar bandligini ta’minlash yuzasidan aniq rejalar belgilab olindi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘rta-maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Abdukarim Medegenov. – Ayni paytda kollejlarda yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish bo‘yicha seminarlar o‘tkazilmoqda. Hozirga qadar 740 nafar bitiruvchi tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirdi.
Yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish orqali ularning bandligini ta’minlash, kichik biznes va xususiy tarbirkorlik sohasida yangi loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashish o‘z samarasini bermoqda.
Nukus qurilish kasb-hunar kollejida tashkil etilgan tadbirda shu xususida so‘z yuritildi.
Nukus shahar davlat soliq inspeksiyasi, tijorat banklari, Nukus shahar bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi mutaxassislari, kollej bitiruvchilari va ularning ota-onalari ishtirok etgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish va ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Nukus qurilish kasb-hunar kollejida 568 o‘quvchi 10 mutaxassislik bo‘yicha tahsil olmoqda. Joriy yilda kollejni bitirayotgan 215 yigit-qiz orasida tadbirkorlikni tanlagan yoshlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Kollej bitiruvchisi Oyparchin Maqsetova ulardan biri. Kelgusida tikuvchilik sexi tashkil etib, bir necha tengdoshini ish bilan ta’minlashni maqsad qilgan.
– To‘g‘risi, bu haqda qayerdan, kimdan aniq ma’lumot olishni bilmay yurgan edim, – deydi Oyparchin. – Kollejimizda mutaxassislar ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda o‘zimni qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob oldim. Bunday tadbirlar tadbirkorlikni tanlagan men kabi yoshlar uchun g‘oyat foydalidir.