«Oybek» hujjatli filmi namoyish etildi
Poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida «Ipak yo‘li durdonasi» xalqaro festivali doirasida hujjatli filmlar namoyishi davom etmoqda.
Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan «Bayram» studiyasi tomonidan Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti bilan hamkorlikda suratga olingan «Oybek» hujjatli filmining premerasi bo‘lib o‘tdi.
Premeradan avval adib haykali poyiga gulchambar qo‘yildi. Institutda Oybek ijodiga qiziquvchi talabalar o‘rtasida tanlovlar, ilmiy maqolalar ko‘rik~tanlovlar va Oybek burchagi tashkil etilganligi haqida ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng film ijodkorlari kartinani suratga olish ishlari haqida to‘xtaldi. Kartina qariyb bir yil davomida tasvirga olingan.
Kinokartina O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek hayoti va ijodiga bag‘ishlangan. Unda yaqin tarixga nazar tashlangan. Oybekning hayoti boricha aks ettirilishiga urinilgan. Tuzumdan norozi kayfiyatdagi ijodkorlarning chekkan uqubatlari ro‘y-rost ko‘rsatilgan.
Oybek haqida gap borar ekan, uning turmush o‘rtog‘i Zarifa Saidnosirova ham eslanadi. Kartinada ham adibning turmush o‘rtog‘i yodga olingan, uning Oybek shaxsiga va ijodiga bo‘lgan hurmati alohida e’tirof etilgan.
«Oybek» hujjatli filmi ssenariy muallifi va rejissyori Eljon Abbosov, operator Rahmatilla Yoqubov, kompozitor Rumil Vildanov, film direktori Baxtiyor Asilov.
D. Mamatova, O‘zA