“Oxshix” nomi ostidagi mahsulotlarga talab ortmoqda
Buxoro viloyati Jondor tumanida “Oxshix” mahalla fuqarolar yig‘inida o‘nlab oila mebelsozlik bilan shug‘ullanib keladi. Mahallada bugunga kelib, to‘rt mingga yaqin aholi istiqomat qilmoqda. Shundan faol mehnat bilan band bo‘lganlar soni 1,5 ming nafarni tashkil etadi.
Ayni kunda hududdagi o‘nga yaqin yirik mebel yasash sexida jami 200 nafarga yaqin mahalliy yoshning bandligi ta’minlangan. Hududda “Erkin bobo mebel mahsuloti”, “Abdul Boqi Rahmon”, “E’zoz mebellari” kabi xususiy korxonalar MCHJ shaklida faoliyat yuritib, o‘nlab oilaning moddiy manfaatdor bo‘lishiga imkoniyat yaratmoqda. Bu korxonalarda dastlab usta duradgorlik shakllanib, so‘ng hunarmandlik rivoji sifatida mebelsozlik bilan shug‘ullanishga o‘tilgan. Xonadonlar va ijtimoiy soha inshootlari jumladan, umumta’lim maktabi, bolalar bog‘chasi, tibbiy muassasalar uchun bejirim va zamonaviy andozadagi stol-stul, shkaf, tumbochka, shuningdek, divan-kreslo, oshxona garnituri, yana boshqa qattiq va yumshoq mebellar tayyorlanmoqda.

Hududning yetakchi ishlab chiqarish sub’ektlariga aylanayotgan bu ustaxona va sexlarda bugunga kelib jami yuzga yaqin ishchi-mutaxassis, duradgor mehnat faoliyatini olib borayotgan bo‘lsa, korxonalarda mahsulot ayirboshlash, buyurtmalarni o‘z vaqtida bajarish orqali yillik tovar aylanmasi 15-17 milliard so‘mni tashkil etmoqda. Albatta, hozirda turli o‘lcham va ko‘rinishda “Oxshix” yorlig‘i ostida tayyorlanayotgan zamonaviy andozadagi yumshoq va qattiq mebel ichki bozorda o‘z xaridorini topgan.

Mebel ishlab chiqarish loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1,8 gektar yer maydonida tashkil etilgan “Oxshix” kichik sanoat zonasining loyiha qiymati 14 milliard so‘mga moliyalashtirilgan. Shu kunga qadar mebelsozlik ustaxonalari hovlilarda, alohida tarqoq ko‘rinishda ish yuritgan bo‘lsa, endi o‘ttizga yaqin duradgorlik sexi, mebelsozlik shoxobchalari imkoniyati kengaytirilib, kichik sanoat zonasida, yaxlit faoliyat boshlamoqda.
“Oxshix” kichik sanoat zonasida aholi talab va istaklaridan kelib chiqib, yer maydoni o‘rtacha 5 sotixdan 14 ta lotga bo‘linib, auksion savdolari orqali tadbirkorlik sub’ektlariga sotilgan. Bunda 1 sotix yer maydoni qiymati o‘rtacha 2 million so‘m miqdorida tadbirkorlik sub’ektlariga berilgan. Jarayonda tadbirkorlarga imkoniyat tariqasida “Mikrokreditbank” tuman filiali tomonidan 4 milliard 700 million so‘m mablag‘ kredit sarmoyasi sifatida rasmiylashtirib berilgan.

Jumladan, “NAJMIDDIN-KOMIL” va “FOZIL DAVRON ABDUQODIR” MCHJlari har biri 1 milliard 200 ming so‘m miqdorida, “AMIRXON DILNOZA AVAZ” MCHJ esa 600 million so‘m mablag‘ni rasmiylashtirib olib, mebel ishlab chiqarishga yo‘naltirmoqda.
Masalan, tadbirkor Doston Do‘stmurodov 2021 yildan buyon o‘z xonadonida ustaxona ochib, yakka tartibda ishlab, keyinchalik 4 nafar shogird yetishtirib, oshxona va ofis mebellari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib kelmoqda. Endilikda u “Intizor fayz mebel Buxoro” MCHJ tashkil etib, kichik sanoat zonasida bitta lotni yutib oldi. “Mikrokreditbank”dan 7 yil muddatga 3 yillik imtiyoz davri bilan 200 million so‘m kredit sarmoyasini olgan tadbirkor turdagi asbob-uskunalarni sotib olib o‘z faoliyatini kengaytirdi. Hozirda uning kichik korxonasida 11 nafar ishchi mehnat qilmoqda.

Hozirda 11 ta loyiha amaliyotga joriy etilayotgani hisobidan kichik sanoat zonasida yillik quvvati 87,5 ming donaga teng bo‘lgan 43 turdagi mebel mahsuloti ishlab chiqarilishi ta’minlanmoqda. Buning evaziga esa bir yilda 50 milliard so‘mga yaqin mebel mahsulotlari sotilishi va mahalliy byudjetga 2 milliard 500 million so‘m qo‘shimcha tushum qo‘shilishi ta’minlanadi.

Shuningdek, kichik sanoat zonasida zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini shay qilish maqsadida elektr tarmoqlari liniyasi, yana transformator punkti barpo qilingan. Hududda 400 metr masofada ichimlik suvi tarmog‘i tortilib, 300 metr uzunlikda ichki yo‘l qismi betonlashtirilgan. Bu kabi tashkiliy chora-tadbirlar “Oxshix” mebelsozlarga zarur shart-sharoit yaratilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.