«Ovchibuloq»da birinchi loyiha ishga tushdi
Namangan viloyati Uychi tumani Ovchibuloq mahallasi hududida tashkil etilayotgan «Ovchibuloq» yoshlar kichik sanoat zonasida umumiy qiymati 79,2 milliard so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan 20 ta loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Ushbu loyihalarning to‘liq ishga tushirilishi natijasida to‘rt yuzga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Bugun mazkur sanoat zonasida birinchi loyiha – «Mirkamol OIL sanoat» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli o‘simlik (paxta) yog‘ini qadoqlash sexi ishga tushirildi. Loyihaning umumiy qiymati 5 milliard so‘mni tashkil etib, uni tadbirkor Ravshan Jamolov o‘z mablag‘i hisobidan amalga oshirdi. Loyiha samarasida 25 ta ishchi o‘rni yaratildi.
Sexning foydalanishga topshirilishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari Shuhrat Musayev, tuman hokimi Muhammadzokir Mamatxonov, tuman prokurori, 2-sektor rahbari Sherzod Rahimovlar ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi.
[gallery-2848]
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA