Otinoyi –diniy va dunyoviy ilmlar bilimdoni
Buxoroda O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 33 yilligiga bag‘ishlab “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” degan ezgu g‘oya asosida “Milliyligim aks etgan o‘zligim” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbir viloyat hokimligi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning viloyat boshqarmasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi hamkorligida o‘tkazildi.
Tadbirni viloyat hokimining o‘rinbosari E.Majidov ochdi va otinoyilarning jamiyatda tutgan o‘rni, mavqei va islohotlar jarayonidagi ishtiroki tubdan o‘zgarganligini alohida ta’kidladi.

Bugungi kunda mamlakatimizda aholining diniy-ma’rifiy saviyasini oshirish, bid’at va xurofotlarga barham berish, qalblarga sog‘lom islomiy aqidani singdirishga katta ahamiyat berilmoqda. Bu jarayonda diniy soha xodimlari qatorida otinoyilar ham faol ishtirok etayotgani zamon talabi, ham bu boradagi ulkan natijalar asosi bo‘lmoqda.
Otinoyi – ayol-qizlar murabbiysi, diniy marosimlarga boshchilik qiladigan din bilimdoni, shuningdek, dunyoviy ilmlarni ham egallagan ma’rifatli ayoldir.

Otinoyilarning vazifalari doirasi juda keng. Ular nafaqat diniy bilimlar egasi, balki yurtimizda kechayotgan ijobiy o‘zgarishlar, iqtisodiy, ta’lim va boshqa sohalarda olib borilayotgan islohotlar, jamiyatimiz ma’naviy, diniy hayotida kechayotgan o‘zgarishlarning faol ishtirokchisiga aylanishi lozim.

Hozirgi kun otinoyisining vazifalari va mas’uliyati oldingi davr otinoyisidan tubdan farq qiladi. Bugun otinoyilar davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisiga aylangan. Xususan, ular ayollar va kelajak avlod tarbiyasiga daxldorlik hissi va mas’uliyati bilan faoliyat olib bormoqda.
Tadbirda milliy qadriyatlarimizni e’zozlashda otinoyilarning o‘rni qaydarajada ekanligini ko‘rsatuvchi sahna ko‘rinishlari, shuningdek, Buxoroning milliy kiyimlari va zardo‘zlik san’ati namunalari namoyish qilindi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri